“Navro‘z” umumxalq bayramini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasida bo‘lib, “Navro‘z” umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mas’ullar bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni muhokama qildi. Bu yil bayram sayllarida o‘tovlarning ixcham va ko‘rkam ko‘rinishda bo‘lishi, avvalo jamoat tartibi va xavfsizligiga e’tibor qaratilishi lozimligi, bunda shahar va tumanlar hamda boshqarmalar povilonlari joylashuvini puxta ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Umumxalq bayramida milliylikka e’tibor qaratgan holda, vohaning o‘ziga xos urf-odat va an’analarini ko‘rsatish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, sayllarga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. “San’at saroyi” atrofida qurilgan sanitariya shaxobchalari (biohojatxonalar)ning ishlatilmay, yopib qo‘yilganligi tanqid qilindi.
Yo‘llar va yo‘laklar, xususan piyodalar yo‘laklari ko‘zdan kechirildi. Shahar tug‘ruq kompleksi oldida obodonlashtirilmagan maydonlar borligi, ichimlik suvi quvuri ta’mirlanmasdan suvning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan mas’ullar faoliyati tanqid qilindi. Majmuaga boruvchi yo‘llar bo‘ylab obodonlashtirish ishlarini olib borish, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish vazifasi topshirildi.
Shundan so‘ng, hudud bo‘ylab yurilib, Alisher Navoiy ko‘chasidagi avtomobil yo‘li qurilishi ko‘zdan kechirildi. Ishlarni qisqa muddatda sifatli qilib yakunlash vazifasi yuklandi. Shuningdek, kunlik ishlarga chiquvchi fuqarolar bilan suhbat qilindi. Mas’ullarga ishchilar uchun sharoit yaratish, daromadli va doimiy ishlarga joylashtirish chorasini ko‘rish topshirig‘i berildi
O‘rganish shahar Mudofaa ishlari bo‘limining yangi binosini qurish uchun ajratilgan yer maydonida davom etdi. Ishlab chiqilgan loyihani takomillashtirish, qurilish ishlarini qisqa muddatda boshlash lozimligi qayd etildi.
Viloyat rahbari qurilishi yakuniy bosqichda olib borilayotgan, 300 o‘rinli “Tibbiyot klasteri”da ham bo‘ldi. Loyiha qurilishini sifatli yakunlash, kompleksga eng malakali, sohadagi ilg‘or tajribaga ega shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarini tanlov asosida ishga jalb qilish, topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot kiritish vazifasi topshirildi.
Shahar bo‘ylab o‘rganish ishlari so‘ngida Farovon massividagi “Bog‘i shamol” mahallasida infratuzilmani yaxshilash, obodonlashtirish ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi. Mahalla og‘ir hudud sifatida tanlab olingan va dastur asosida ishlar olib borilayotgan bo‘lib, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish, “Navro‘z” bayramigacha yakunlash vazifasi qo‘yildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz