Joriy yilda 1,3 ming gektar maydon dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ajratiladi

Bugun Prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish hamda 2024-yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida 60 ming gektar yer maydonini aholiga dehqonchilik uchun tarqatish, yoqilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalar barpo etish, aholi va yoshlarni o‘qitgan holda ushbu yo‘nalishlarda bandligini ta’minlash vazifalari belgilab berildi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumanida bo‘lib, “Nurafshon” mahallasidagi auksionga chiqarilgan 6 gektar yer maydonining 1 gektar qismida issiqxona tashkil etish, ko‘chatchilik va sabzavot mahsulotlari yetishtirish, ushbu sohada aholini o‘qitish, 2024-yilda dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ajratiladigan 1 353 gektar yer maydonlari taqdimoti bilan tanishdi.

Sohada katta tajribaga ega tadbirkorlar bilan suhbat qilinib, issiqxona xo‘jaligini tashkil etish, unda aholi bandligi, mahsulotlar yetishtirish yechimlari yuzasidan tavsiyalar olindi. Shuningdek, “Leto” korxonasiga ajratish uchun taklif etilgan 100 gektar yer maydoni ham taqdimot qilindi. Mutasaddilarga taqdimotlar yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari Angor tumani “Ilg‘or” mahallasida dehqon xo‘jaliklari tashkil etilgan, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 14,1 gektar yer maydonidagi suv muammosiga e’tibor qaratdi. Joyida mas’ullarning takliflarini tinglagan viloyat hokimi burg‘ulash ishlarini olib borib, suv nasosi o‘rnatish uchun zarur mablag‘ni ajratish masalasida topshiriq berdi. 

Hududlarga tashrifning oxirgi manzili Jarqo‘rg‘on tumani bo‘ldi. Tumanning “Qo‘shtepa” mahallasiga tutash hududdagi 318 gektar yer maydonini o‘zlashtirish va kooperativlar tashkil etish loyihasi bilan tanishildi. Shuningdek, ushbu mahallada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirayotgan aholi xonadonlaridagi issiqxonalar, ko‘chatchilik faoliyati ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga aholining yoqilg‘isiz isitiladigan va tomchilab sug‘orish orqali mahsulot yetishtirish tajribasini ommalashtirish, namuna asosida boshqa hududlarda ham ixcham issiqxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

2 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.