Ulug‘bek Qosimov: “75 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash ishlarini amalga oshirayapmiz. Infratuzilma yaxshilanishi – aholi turmush farovonligi demakdir!”

Surxondaryo viloyati hokimi rahbarligida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda topshiriq va murojaatlar ijrosi, ijro intizomi, tanlab olingan mahallalarda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarining borishi, kunlik ko‘rsatkichlar tahlili ko‘rib chiqildi.

– Viloyatning 15 ta hududidan 75 ta og‘ir toifadagi mahalla tanlab olinib, ishlar boshlandi. Ammo ayrim mas’ullarning ishlarni sust olib borayotganligi, muammolarni hal etishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotganligi aniqlanmoqda. Hurmatli mutasaddilarimiz bir narsani to‘g‘ri tushunib, o‘ziga hulosa qilib olishi kerak – aholi turmush sharoitini yaxshilash, davlatdan roziligini ta’minlash bizning oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa. Mahallalarda infratuzilmaning yaxshilanishi esa aholi turmush farovonligi ta’minlanishi demakdir. Shuning uchun sektor rahbarlari, hududlarga biriktirilgan mas’ullardan ishlarni sifatli amalga oshirishini talab qilamiz va buning ustidan doimiy, qat’iy nazorat o‘rnatamiz – deya ta’kidladi viloyat rahbari yig‘ilish avvalida.

Hudud va sohalar rahbarlari bu borada olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berishdi. Mutasaddilarga ishlarni jonlantirish, tadbirlarni tizimli ravishda, bosqichma-bosqich amalga oshirish, viloyatda o‘z idorasiga ega bo‘lmagan 100 ta mahallada qurilish ishlarini davom ettirish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda tashriflar davomida berilgan topshiriqlar ijrosi, faollar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarning hal etilishi, ijro intizomi holati hamda kunlik ko‘rsatkichlarning hududlar kesimida tahlili muhokama qilinib, sohalar, tarmoqlar va hududlar rahbarlariga aniq vazifalar topshirildi. Ayrim rahbarlarga faoliyatida o‘zgarish yasashi lozimligi ko‘rsatilib, oxirgi ogohlantirish berildi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.