Ulug‘bek Qosimov: “Aholi salomatligini asrash bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi” qog‘ozda emas, amalda bo‘lishi, o‘zgarishlarni odamlar o‘zlarida his qilishi kerak!”
Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan vohamizda aholi salomatligini asrash bo‘yicha “Surxondaryo tajriba”sini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlarni namunali tashkil etish bo‘yicha Angor tumani tanlab olingan bo‘lib, hozirda ishlar davom ettirilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida bo‘lib, belgilangan topshiriqlar ijrosi, amaliy ishlar natijasi bilan tanishdi. Xususan, 3-sonli oilaviy poliklinikada patronaj xizmatini tashkil etish holati ko‘zdan kechirildi. Soha mutasaddilari, shifokor va hamshiralar bilan suhbat qilinib, tajribani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qilingan ishlar axboroti tinglandi.
Viloyat rahbari aholi salomatligini asrash bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi” qog‘ozda, shunchaki hisobot uchun emas, amalda tajribaga aylanishi kerakligi, bo‘layotgan o‘zgarishlarni odamlar o‘z tanalarida his qilishlari lozimligini ta’kidladi. Shu maqsadda aholiga patronaj xizmati ko‘rsatish holati “Navshahar” mahallasidagi xonadonlarga borilgan holda o‘rganildi.
Uyda yotib qolgan bemorlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kasalligi aniqlanib, davolash xizmati ko‘rsatilayotgan fuqarolar xonadonlarida bo‘lindi. Ulardan patronaj, umuman olganda tibbiy xizmat sifati haqidagi fiklarlari so‘raldi. Shuningdek, viloyat rahbari xonadonlardan birida 70 yoshini nishonlayotgan onaxonni tavallud kuni bilan tabrikladi.
Xonadonlar bilan tanishuv davomida mahalla “yettiligi” faoliyati ham o‘rganilib, ularning amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
O‘rganish ishlari yakunida viloyatdagi tibbiyot sohasi mas’ullari bilan "Zoom” platformasi orqali uchrashuv o‘tkazildi. Mutasaddilar hududlarda aholi salomatligini asrash, kasalliklarni aniqlash, davolash hamda profilaktika ishlarini tashkil etish borasida axborot berishdi. Bugungi o‘rganish hulosalari asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, patronaj xizmatini sifat jihatidan yaxshilash bo‘yicha soha mas’ullariga vazifalar belgilab berildi.
Tumanga tashrif yakunida viloyat hokimi 11-sonli maktabda ham bo‘lib, o‘quvchi yoshlar uchun “besh muhim tashabbus” doirasida tashkil etilgan sport musobaqalari, musiqa va san’at tadbirlari hamda “Vatan tayanchi” a’zolarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyishida ishtirok etdi. O‘quvchilar bilan maktabdagi sharoitlar, ta’lim jarayonlari haqida suhbatlashdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz