Oltinsoyda topshiriqlar ijrosi o‘rganildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish, “Ma’naviyat sektori”, ta’lim, mahalla infratuzilmasini yaxshilash va yirik loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida Oltinsoy tumanida bo‘ldi.
Dastlab, tumanning 1-sektori binosida tashkil etilgan “Ma’naviyat sektori” faoliyati bilan tanishildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari “Ipoq” mahallasida “MASHAL VU.S.N” MChJ tomonidan “Eko bozor” kompleksi va “ALL AYZEN” MChJ tomonidan avtoshohbekat qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Bozor qurilishini shaharsozlik talablari asosida, zamonaviy tipda qurish, sotuvchi va xaridorlar uchun barcha qulayliklar bo‘lishiga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
O‘rganishlar ishlari mezonlar asosida infratuzilmani yaxshilash tadbirlari amalga oshirilayotgan “To‘xtamish” mahallasida davom ettirildi. Hududdagi maktab holati, ta’lim-tarbiya jarayonlarining borishi bilan tanishgan viloyat rahbari, mas’ullar foaliyatini tanqid qildi. Maktabda o‘quvchilar ta’limi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, sharoitlarni yaxshilash choralari ko‘rilmagan. Mas’ullarga kuni-kecha o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida tajribali o‘qituvchilar, direktor o‘rinbosarlari va direktorlardan tuzilgan mobil guruhning birinchi seminarini ushbu maktabda tashkil etib, ta’lim sifatini oshirish vazifasi yuklandi.
Tuman mutasaddilari, ta’lim sohasiga mas’ullarning ushbu maktabdagi holatga panja ortidan qarab kelganligi e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Maktabda sog‘lom muhitni yaratish, ta’lim-tarbiya ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi hamda maktab binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, davlat dasturiga kiritish chorasini ko‘rish topshirildi.
Shuningdek, mahalladagi oilaviy shifokorlik punkti faoliyati bilan ham tanishilib, patronaj xizmatini tashkil etish holati ko‘rib chiqildi. Tibbiyot maskani binosini ham ta’mirlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirig‘i berildi.
Tashrif yakunida viloyat rahbari “So‘fi Olloyor” ziratgohida bo‘lib, berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi. Umuman olganda, mahallada ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi tanqid qilinib, mutasaddilarga qattiq ogohlantirish berildi. Ishlarni bugundan jadallashtirish, har bir tadbirni sifatli amalga oshirib, aholi turmush farovonligini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz