Ulug‘bek Qosimov: "Yangilanish va yasharish ayomi – “Navro‘z” umumxalq bayrami sayllariga hozirdan puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak”

Viloyatning asosiy “Navro‘z” umumxalq bayrami sayllari joriy yilda ham Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasi hududida bo‘lib o‘tadi. Vohada sayllarga tayyorgarlik jarayonlari boshlab yuborilgan bo‘lib, hozirda ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “San’at saroyi” majmuasida bo‘lib, olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari hamda saylda o‘tkaziladigan tadbirlar, hududlar va boshqarmalar o‘tovlarining joylashuv joylari, asosiy va qo‘shimcha sahnalar chizmalari bilan tanishdi. Mutasaddilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlar qilishib, rejalar bilan tanishtirishdi.

Shuningdek, shahar va tumanlar hokimlarining mas’ul o‘rinbosarlari, boshqarma hamda tashkilotlar mutasaddilari bilan amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, ajratilgan maydonda obodonlashtirish ishlarini olib borish, daraxt ko‘chatlari ekish, hududning o‘ziga xos urf-odatlari, an’analari bilan bezash, gastronomik turizm salohiyatini namoyish etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Sahna va o‘tovlarni bezashda milliylikka, vohamizning o‘ziga xos liboslarining bo‘lishiga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi. Shu maqsadda tanlab olingan liboslar va ko‘rgazmalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Topshiriqlar ijrosi bir haftadan keyin hududlar va tashkilotlar kesimida o‘rganilishi ta’kidlandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.