Muzrabotda yangi loyiha taqdimoti va energiya tejamkor issiqxona faoliyati bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, yaratilayotgan ish o‘rinlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish jarayonlari bilan tanishish maqsadida Muzrabot tumaniga tashrif buyurdi.

Birinchi manzilda “Yangi diyor hamkor baraka” MChJ tomonidan fermer xo‘jaliklariga tumanlararo mineral o‘g‘itlar yetkazib berishni tashkil etish loyihasi taqdimot qilindi. Umumiy qiymati 20 mlrd so‘m, yillik quvvati 30 ming tonna bo‘lgan loyiha orqali Termiz, Qiziriq, Bandixon va Muzrabot tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarini sifatli mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Loyihani ishga tushirish orqali 24 ta doimiy, 50 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. Viloyat rahbari loyihani takomillashtirish, o‘g‘itlarni keltirish, saqlash va yetkazib berish xizmatlarini sifatli tashkil etish, logistika xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentimiz raisligida joriy yil 12 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 70 ta tumanda mineral o‘g‘it saqlash omborlarini tashkil qilish, ularda o‘g‘itlar qoldig‘ini kunlik monitoring qilib, ehtiyojga ko‘ra yetkazish, shuningdek, fevral-aprel oylarida birjaga chiqadigan mineral o‘g‘itlar kunlik hajmini 6 ming tonnadan 9 ming tonnaga oshirish topshirig‘i berilgan edi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari tumanning “Yurtim jamoli” mahallasida “Ozod nurli hayot” MChJ tomonidan 1 gektar maydonda tashkil etilgan, energiya tejamkor, ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitiladigan issiqxonada pomidor va sabzavot mahsulotlari yetishtirish jarayonlari bilan tanishdi. Qishning sovuq kunlari bo‘lishiga qaramay muqobil energiya manbalari hamda issiqxonaning issiqlikni saqlash texnologiyasi yordamida mahsulotlar pishib yetilgan. Tadbirkor bilan suhbat qilinib, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida tuman mutasaddilariga ko‘rsatmalar berildi.

Issiqxonada 23 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lib, hozirda yetishtirilgan mahsulotlar mahalliy bozorlarga hamda eksport uchun xorijga chiqarilmoqda.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.