Muzrabot tumanida sholichilikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida qishloq xo‘jaligi kompleksi mutasaddilari, sholichilik klasteri va fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirokida Muzrabot tumanida yangi yerlarni o‘zlashtirish, sholichilikni rivojlantirish hamda bu borada amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi kundagi holati muhokama qilindi.
Muhokama avvalida tumanning chegara hududida “SCT cluster sholi” MChJ tomonidan Amudaryo qirg‘oqlaridagi 20,1 ming gektar yer maydonini o‘zlashtirish loyihasi doirasida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar taqdimot qilindi. Viloyat rahbari loyiha sust amalga oshirilayotganligi, ish o‘rinlari to‘liq yaratilmaganligi, umuman olganda yerlarni o‘zlashtirish va undan foydalanish talab darajasida emasligini tanqid qildi.
Sholichilikni rivojlantirishda amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Bo‘sh yer maydonlarini foydalanishga kiritish orqali chegara oldi hududida joylashgan beshta mahallani ishsizlikdan holi hududga aylantirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada ishlab chiqilgan loyiha ham taqdimot qilindi.
Shuningdek, muhokama davomida sholichilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan tajribali dehqonlar, fermer xo‘jaliklari vakillarining taklif va tavsiyalari tinglandi. Yer maydonlarini o‘zlashtirish va foydalanishga kiritishda ularni ham jalb qilib, mahsulot yetishtirish hajmlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida qator vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz