Uzun tumanida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq investitsiyalar, sanoat va savdo sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish maqsadida Uzun tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab, tumanning “Navro‘z” mahallasida tashkil etilgan kichik sanoat zonasi faoliyati bilan tanishildi. Qariyb 5 gektar maydonni qamrab olgan hududda qiymati 15 mlrd so‘m bo‘lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 16 ta loyiha amalga oshirilgan va 70 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan. Viloyat rahbari mebel, aluminiy va plastik romlar, beton-plitalar ishlab chiqarish hamda oynaga ishlov berish loyihalarini ko‘zdan kechirib, kichik sanoat zonasida yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari “Janub elektr tarmog‘i” MChJning quvvati 2 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektrostansiyasi tashkil etish loyihasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Qiymati 16,8 mlrd so‘m bo‘lgan ushbu loyiha ishga tushirilgach yiliga 2 ming kVt/soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda 15 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Viloyat hokimi loyihani kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Uchinchi manzilda “Uzumfermer Uzun” MChJ tomonidan 18 gektar maydonda qiymati 5 mln dollar bo‘lgan issiqxona, refkontiner, manzarali bog‘, vino mahsulotlari qadoqlash, 50 o‘rinli mehmonxona va restoranni o‘z ichiga olgan loyiha taqdimoti bilan tanishildi. Loyihani qayta ko‘rib chiqish, yer maydonidan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi va tuman hokimiga tadbirkor bilan ishlab, yaqindan ko‘maklashish vazifasi topshirildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari yiliga 3 ming dona turli hil mebel mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini olib borayotgan “Behruz mebel” xususiy korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari hamda tayyor mahsulotlar bilan tanishdi. Loyihani kengaytirish, ish o‘rinlari sonini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tumanga tashrif so‘ngida viloyat rahbari Uzun tumani markazida bo‘lib, do‘kon va binolar egalari bo‘lgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tuman markaziga mos, shaharsozlik talablariga javob beradigan loyihalarni qurish masalalari muhokama qilinib, bu borada tadbirkorlarga yaqindan ko‘mak ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyat rahbari hududlarga tashrifi davomida Sariosiyo tumanida ham bo‘lib, “Yangi O‘zbekiston” massivida olib borilayotgan qurilish hamda tuman markazida kanalizatsiya quvurlarini tortish ishlarining borishi bilan tanishdi. Ikkala loyihada ham ishlarni jadallashtirish, sifatli qurilish materiallaridan foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.