Vohalik gulchi tadbirkor “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi

Kuni kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi surxondaryolik tadbirkor Boboyor Xolboyev bilan suhbatlashib, uni “Do‘stlik” medali bilan taqdirlash to‘g‘risida Farmonga imzo qo‘yganliklarini aytgan edilar.

Bugun Termiz shahridagi Yoshlar markazida viloyatimiz faollari, nuroniylar va yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Termiz tumani “Qahramon” mahallasida 33 sotix issiqxonada bir milliondan ortiq turli sabzavot, poliz va gul ko‘chatlari yetishtirayotgan tadbirkor dehqonning mehnatlari Prezidentimiz tomonidan munosib taqdirlanganini ta’kidladi.

O‘zining fidokorona mehnati bilan vohadoshlarimizga o‘rnak bo‘layotgan tadbirkorga 10 dan ortiq yoshlarni ish bilan band qilgani, mahalladoshlarini gulchilik va ko‘chatchilikka, issiqxonada mahsulot yetishtirishga o‘rgatib kelayotgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Shundan so‘ng, viloyatimiz rahbari Boboyor Xolboyevga davlatimizning yuksak mukofoti - “Do‘stlik” ordenini tantanali ravishda topshirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan yigit-qizlar yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotgani, xususan, kuni kecha Prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham yoshlar bandligi masalasi ko‘rilib, Surxondaryoda qishloq xo‘jaligi sohasida yoshlar bandligini ta’minlash borasida qator ishlar ning amalga oshirilishi belgilangani, bunda Boboyor Xolboyevdek ko‘p yillik tajribaga ega dehqonlarning yoshlarga yo‘l-yo‘riq va maslahatlari zarurligi aytilgani haqida to‘xtalib o‘tishdi.  

Tajribali dehqon ham o‘z navbatida o‘zining kamtarona mehnatiga qaratilgan yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirib, vohamizda gulchilik va ko‘chatchilik sohasini yanada rivojlantirishga, yoshlarning ushbu sohada bandligini oshirishga tajriba va bilimlarini ayamasligini ta’kidladi.

Tantanali tadbirda “Eng tashabbuskor tuman sektor rahbarlari” hamda yoshlarni harbiy-Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh mutasaddilar viloyat hokimligining faxriy yorliqlari, sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.