Boysunda katta o‘zgarishlar amalga oshiriladi, “Gaza”da yangi maktab quriladi
Xabar berilganidek, har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan “Boysun bahori” xalqaro festivali bu yil Boysun tumani “Bibishirin” mahallasida yangidan bunyod etilayotgan turizm kompleksida o‘tkaziladi. Festival doirasida hudud aholisining turmush sharoitlari va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda. Qolaversa, yangi kompleksning bunyod etilishi keyingi xalqaro festivallar va madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun xizmat qiladi hamda ortiqcha sarf-xarajatlarning oldi olinadi.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Boysun tumanida bo‘lib, xalqaro festivalga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi, qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi bilan tanishdi. Shuningdek, tuman markazidagi 10 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash ishlari ko‘zdan kechirildi.
Xususan, festivalga keluvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, tuman markazidagi 3 km avtomobil yo‘liga asfalt yotqizish, piyodalar uchun qulayliklar yaratish, suv yo‘li ariqlari va mavjud savdo do‘konlarini ta’mirlash, xizmat ko‘rsatish, mehmonxona, umumiy ovqatlanish nuqtalari tashkil etish va avtoturargoh qurilishi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, tuman markazi va unga yondosh 10 ta mahalladagi 24,4 km asosiy avtomobil yo‘llarida asfaltobeton qoplamasi yotqizish uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Viloyat rahbari amalga oshirilayotgan ishlar va tadbirlar bilan tanishib, qurilish-ta’mirlash jarayonlarini jadallashtirish, tuman markazi va festival o‘tkaziladigan turizm kompleksidagi tayyorgarlik ishlarini sifatli hamda tizimli amalga oshirish yuzasidan yangi vazifalarni belgilab berdi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimi mutasaddilar bilan “Gaza” mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoitlari hamda mahalla infratuzilmasi bilan tanishdi. Biriktirilgan mas’ullar hamda mahalla “yettiligi” amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida axborot berishdi. Mahallada “Keys-menejment” asosida ishlarni tashkil etib, ko‘makka muhtojlarni aniqlash va ularga yordam berish borasida topshiriqlar berildi.
Nuroniylar va aholi vakillari bilan suhbat qilinib, ularning mahallada sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha murojaatlari tinglandi. Yangi maktab qurish uchun joy tanlanib, mas’ullarga tegishli vazifalar topshirildi. Mahallaga tashrif so‘ngida viloyat rahbari aholi xonadonlarida bo‘lib, tomorqadan samarali foydalanayotgan, yomg‘ir suvini jamlab, tomchilatib sug‘orish va energotejamkor usullarda issiqxonasida mahsulot etishtirayotgan dehqonlar bilan ham suhatlashdi. Ularning bu boradagi tajribasini boshqa xonadonlarda ham ommalashtirish, issiqxonalar tashkil etish uchun aholiga ko‘maklashish topshirig‘i berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz