Sho‘rchi tumanida qishloq xo‘jaligi texnikalari va elektroskuterlar ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishildi
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sho‘rchi tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrifning birinchi manzilida "Agromax technic" MChJ tomonidan Belarussiyaning Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish va servis xizmat ko‘rsatish hamda "Ko‘xinur progres" MChJ tomonidan muravey va elektro skuterlar ishlab chiqarish loyihasi faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari tayyor skuterlar va mini yuk mashinalarini ko‘zdan kechirdi. Kelgusida har ikkila loyihani ham kengaytirish, ish o‘rinlari sonini oshirish, talabga ko‘ra qishloq xo‘jaligi texnikalari yig‘ish turlarini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari “Sho‘rchi-sevimli-super marketi” MChJ tomonidan tashkil etilgan zamonaviy savdo kompleksi faoliyati hamda "Status-Yu" MChJ tomonidan yangi turar-joylar qurish loyihasi taqdimoti hamda qurilgan ko‘p xonadonli uy-joy bilan tanishdi. Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda turar joylar qurilishini sifatli amalga oshirish, bunda barcha infratuzilmalar, bolalar maydonchalari, avtoturargohlar hamda boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtalarining bo‘lishini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Keyingi manzilda “Shurchi sifatli mahsulot” MChJ tomonidan “un va spagetti makaron mahsulot”larini ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. Viloyat rahbari loyihani takomillashtirish, ishlab chiqarish va savdo do‘konlarini shaharsozlik normalari asosida qurish bo‘yicha tavsiya va takliflarini berdi.
“Kakan” mahallasida “yettilik” faoliyati bilan tanishildi. Ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalalar taqdimot qilindi. Mahalla “yettiligi” faoliyati e’tirof etilib, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aholini ijtimoiy himoya qilish, bolalar nafaqa pullarini tayinlash bo‘yicha “Keys menejment” asosida ishlarni tashkil etish topshirig‘i berildi.
Shuningdek, “Kakan” va “Baxshtepa1” mahallalaridagi xonadonlarda bo‘linilib, hozirgi sovuq kunlarda energiya tejamkor usullarda issiqxonalarda mahsulot yetishtirish jarayonlari bilan tanishildi. Tuman mutasaddilariga tadbirkorlik faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan talabgorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yaqindan ko‘mak ko‘rsatib, masalalarini hal etish topshirildi.
Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, yo‘llarni ta’mirlash, umuman olganda aholi turmush farovonligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli vazifalar hamda chora-tadbirlar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz