Termiz shahridagi maktablarda “KPI” tizimi joriy etilmoqda
Maktab ta’limini sifatli va samarali tizimga aylantirish bevosita davlat va jamiyatning ertangi rivojlanishini belgilab beradigan omillardan hisoblanadi. Shu sababli ushbu masala hamma davrlarda eng dolzarb va muhim bo‘lgan.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi, ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha hududiy kengash raisi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi 19-sonli maktabga tashrif buyurib, ta’lim jarayonlarining borishi hamda maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida Termiz shahridagi 26 ta maktabda Termiz davlat universiteti tajribasi asosida “KPI” tizimini joriy etish, ta’lim maskanlarini to‘liq kameralashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi.
Viloyat rahbari maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar davomatini yaxshilash maqsadida maktab bilan mahalla “yettiligi” va Milliy gvardiyaning o‘zaro hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish, bunda ta’lim jarayonlari maktab tomonidan, o‘quvchilarni ta’limga jalb qilish mahalla va Milliy gvardiya tomonidan amalga oshirilishini qayd etdi.
Maktabga tashrifdan so‘ng viloyat rahbari shaharning “Alpomish” mahallasidagi Alisher Navoiy, Navbahor va At-Termiziy ko‘chalari bo‘ylab amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, yo‘llar infratuzilmasini yaxshilash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Mahalla mas’ullari amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berishdi.
Mutasaddilarga ko‘chalarni tartibga keltirish, obodonlashtirish, “yashil hudud”larni kengaytirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish ishlarini jadallashtirish hamda mahalla hududida yoshlar uchun “AyTi” markaz tashkil etish vazifalari topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz