Termiz tumanida issiqxonachilar tajribasi bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumaniga tashrif buyurib, mahalla “yettiligi”, qayta ishlash korxonasi, yangi loyihalar taqdimoti hamda aholi va tadbirkorlarning issiqxonachilik tajribasi bilan tanishdi.

Tumanga tashrifning dastlabki manzilida, “Yangiobod” mahallasi “yettiligi” faoliyati ko‘zdan kechirilib, ularning amalga oshirgan ishlari hamda kelgusidagi rejalari yuzasidan hisobotlari tinglandi. Viloyat rahbari “yettilik” tomonidan amalga oshirilgan ishlar talab darajasida emasligi, aholi muammolari bilan manzilli ishlash lozimligini qayd etdi. Mutasaddilarga mahalla “yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish vazifasi topshirildi. 

Keyingi manzilda viloyat rahbari “SM Surxon” MChJning loyiha qiymati 3 mlrd so‘m bo‘lgan sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona tomonidan 11 nafar mahalliy aholining bandligi ta’minlangan bo‘lib, yiliga 1,5 ming tonna sut qayta ishlanadi.

Loyihaning aholini sifatli sut mahsulotlari bilan ta’minlashdagi o‘rnini hisobga olib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va korxona faoliyatini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Viloyat rahbari mutasaddilarga tadbirkor bilan manzilli ishlab, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash topshirig‘ini berdi.

Shundan so‘ng, tumanning “Yangi hayot” mahallasida joylashgan “Humoyiddin Farangiz” oilaviy korxonasiga qarashli, 2 gektar maydonda joylashgan issiqxona faoliyati bilan tanishildi. Ayni vaqtda issiqxonada pomidor yetishtirilayotgan bo‘lib, pishib yetilgan hosil mahalliy bozorlarga chiqarilmoqda.

Viloyat rahbari issiqxona faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidlab, tumandagi faoliyatsiz bo‘lib turgan, mahsulot yetishtirilmayotgan issiqxonalarni bir hafta muddatda xatlovdan o‘tkazib, faoliyatini tiklash bo‘yicha tuman hokimligi hamda tegishli tijorat banklariga vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, tumanning dehqonchilik, xususan, issiqxonada mahsulot yetishtirishdagi boy tajribasini ommalashtirish, yilning hamma mavsumida mahsulot yetishtirish imkoniyatlarini oshirish lozimligini qayd etdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.