Muzrabotga tashrif: Mahalla “yettiligi”, ta’lim, sport va tibbiyot maskanlari faoliyati bilan tanishuv hamda ijtimoiy sohadagi ishlar muhokamasi

Xabar berib borayotganimizdek, viloyat rahbarining haftalik ish rejasiga muvofiq hafta kunlarida ma’lum bir sohani o‘rganish, bu borada hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish belgilangan. Bugun mazkur rejaga muvofiq viloyatimiz hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohadagi ishlar bilan tanishish maqsadida Muzrabot tumanida bo‘ldi.

Tumanga tashrifning dastlabki manzilida, “Madaniyat” mahallasi “yettiligi” faoliyati bilan tanishildi. Amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan viloyat rahbariga axborot berildi. Aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tomorqalardan samarali foydalanish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Shundan so‘ng mahallada joylashgan ta’lim maskanlari faoliyati bilan tanishildi. Jumladan, 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim-tarbiya jarayonlari, bog‘chada yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari 13-sonli maktabdagi “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” tadbirida ishtirok etdi. Tadbirda harbiylar tomonidan qurol-aslahalar namoyishi hamda ko‘rgazmali chiqishlar qilindi. Viloyat hokimi yoshlarni ta’lim va sportga jalb qilish hamda Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun nuroniylar bilan hamjihatlikda ishlash zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, maktabda tashkil etilgan badiiy gimnastika to‘garagi faoliyati bilan tanishildi hamda Prezidentimizning gimnastika sport turlarini rivojlantirish borasida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi 17 ta maktab uchun badiiy gimnastika jihoz va anjomlari topshirildi. Sport murabbiylari va mutasaddilarga aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish vazifalari topshirildi. Shu yerning o‘zida ko‘zi ojizlar olimpiadasi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Viloyat rahbari g‘oliblarga pul mukofotlarini topshirdi hamda musobaqaning respublika bosqichida omad tiladi.

Tashrif tumandagi 51-sonli oilaviy poliklinikada davom etdi. Tibbiyot maskanida shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalari boshliqlarining aholiga patronaj xizmati ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborotlari tinglandi hamda hududlar uchun UTT, EKG, kardiomonitor va boshqa tibbiy asbob-uskunalar topshirildi. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori-darmonlarning manzilli yetib borishini ta’minlash, kasalliklar profilaktikasi borasida vazifalar belgilab berildi.

Keyingi manzilda “Yurtim jamoli” mahallasida sektor rahbari tomonidan amalga oshirayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan tayyorlangan taqdimot bilan tanishildi.

Tashrif so‘ngida viloyat hokimi rahbarligida “ZOOM” platformasi orqali hududlarda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

1 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.