Jarqo‘rg‘onda korxonalar faoliyati hamda yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, yangi korxona ochilishida ishtirok etdi hamda sanoat korxonalari faoliyati va istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlabki manzilda “Agro PLAST” MChJning polietilen plyonka va qoplar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Korxonada hozirgi kunda import o‘rnini bosuvchi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda foydalaniladigan, talab yuqori bo‘lgan plyonkalar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, tadbirkor tomonidan faoliyatini kengaytirish bo‘yicha polietilen press iplar va plastik savatchalar ishlab chiqarish loyihalari taqdimot qilindi.
Viloyat rahbari soha mutasaddilari va tuman rahbariga tadbirkor bilan manzilli ishlab, loyihani qo‘llab-quvvatlash, korxona faoliyatini kengaytirish uchun kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish vazifasini topshirdi.
Keyingi manzilda “MS-Marjon” MChJ tomonidan mahalliy kimyogar-texnolog olimlar bilan hamkorlikda ekologik toza, resurs tejamkor va iqtisodiy samarali kompleks ta’sir etuvchi yangi avlod “Agrobentofos” va “Superfosfat” innovatsion o‘g‘itlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. Viloyat rahbariga o‘g‘itlarning samarasi haqida axborot berildi. Unga ko‘ra innovatsion o‘g‘itlar suv va mineral resurslarni 25-30 foizgacha tejaydi va hosildorlikni oshiradi. O‘tgan yilgi tajriba sinov natijalari ham yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari mutasaddilar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Kafolat Nur Fayz” MChJning asfalt ishlab chiqarish korxonasi faoliyatiga start berdi. Umumiy qiymati 5,7 mlrd so‘m bo‘lgan korxonada 15 ta ish o‘rni yaratilgan. E’tiborli tomoni asfalt ishlab chiqarish uchun yog‘ilg‘i xom ashyosi sifatida ko‘mirdan foydalaniladi. Bu esa muhim resurslardan bo‘lgan tabiiy gazni tejash va uzluksiz ish faoliyatini olib borishni ta’minlaydi.
Viloyat rahbari tumanning “Qorayantoq” mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududda tashkil etilayotgan “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Prezidentimiz tomonidan viloyatimiz yoshlarining tadbirkorlik va sanoat zonalarida o‘z loyihalarini amalga oshirishga yaratib berayotgan imkoniyat va imtiyozlaridan samarali foydalanib, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Tashrif davomida “Surxon Jar Baraka” MChJning 1,5 gektar yangi yer maydonini foydalanishga kiritish orqali limonchilikni yo‘lga qo‘yish loyihasi bilan ham tanishildi hamda tadbirkor tomonidan muzlatgichli omborxona tashkil etish loyihasi taqdimot qilindi. Loyihani kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda tadbirkorga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Tashrif yakunida mutasaddilar “Parranda kompleks savdo” MChJning parranda ozuqasi va yem ishlab chiqarish korxonasi hamda zamonaviy intensiv bog‘ tashkil etish loyihasi bilan ham tanishishdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz