Mahallalarda aholi daromadini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi
Prezidentimiz huzurida kuni-kecha mahallalarda aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari muhokama qilindi hamda viloyat hokimlariga rivojlanishdan orqada qolayotgan tumanlarda ishlarni tashkil etib, namuna qilish, har bir mahalla kesimida ishsizlikni kamaytirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Bugun ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumani “Qorayontoq” mahallasida bo‘ldi.
Dastlab, viloyatdagi iqtisodiy kompleks tashkilotlari, aloqador soha mutasaddilari hamda tuman sektor rahbarlari va mas’ullari ishtirokida mavjud holat, mahallada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Viloyat rahbariga mahallaning drayver sohalari, rivojlanish nuqtalari, mavjud muammolari hamda ularning yechimlari yuzasidan axborotlar berildi. Muhokamalar yakunida tegishli chora-tadbirlar belgilanib, aholi bandligi va turmush farovonligini oshirish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari mas’ullar bilan mahalla bo‘ylab xonadonlarda bo‘lib, aholi bilan muloqot qildi. Ularni qiynab kelayotgan muammolar tinglandi, tomorqadan samarali foydalanish holati ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar davomida mutasaddilarga aniqlangan holatlarni bartaraf etish, yangi imkoniyatlarni ishga solish, aholining tomorqadan samarali foydalanish madaniyatini shakllantirish, bozorbop, daromadli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan vazifalar topshirildi.
Viloyat rahbari, hududlarga tashrifini Termiz tumanida davom ettirib, og‘ir hududlar toifasiga kiruvchi “Bunyodkor” mahallasida bo‘ldi. Bu yerda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash uchun mavjud imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. Xususan, 4,5 gektarlik maydonda tashkil etilgan issiqxonada pomidor mahsulotlari yetishtirish jarayonlari bilan tanishildi. “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasidan imtiyozli kreditlar asosida tashkil etilgan issiqxona kompleksi va "Yoshlar mehnat guzari" imkoniyatlarini to‘liq ishga solish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hududlar belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini o‘rganish ishlari davom etmoqda.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz