Sariosiyoda amalga oshirilayotgan ishlar hamda yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumaniga tashrif buyurdi. Tashrif dasturiga ko‘ra mahalla “yettiligi”, korxonalar faoliyati, yangi loyihalar taqdimoti, qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Dastlabki manzilda “Gulobod” mahallasining “yettiligi” faoliyati bilan tanishgan viloyat rahbari, ularning amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalari yuzasidan axborotini tingladi. Mahallada aholini tadbirkorlikka jalb qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi va kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, tikuvchilik sexi hamda xususiy klinika faoliyati bilan ham tanishildi. Xotin-qizlarni ish bilan band qilgan ushbu loyihani rivojlantirish uchun ko‘mak ko‘rsatish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga xaridor topishda yordamlashish vazifalari topshirildi. “Mehrdod medical sentr” xususiy klinikasi faoliyati va yaratilgan sharoitlari bilan tanishuv davomida tadbirkorning taklif va muammolari tinglandi. Mutasaddilarga klinika faoliyatini kengaytirish uchun zarur kredit mablag‘larini ajratish topshirig‘i berildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari mutasaddilar bilan Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Mutasaddilarga daryo o‘zanlaridan foydalanishga moratoriy joriy etilganligini inobatga olib, aeroport hududi atrofida joylashgan toshni saralash korxonalarini ko‘chirishga ko‘mak ko‘rsatish, tadbirkorlarga tog‘oldi va adirliklardagi toshlardan foylalanish bo‘yicha tavsiyalar berish vazifasi topshirildi. Shuningdek, avtoshohbekat loyihasini qurish uchun kredit ajratish masalasini hal etish vazifasi yuklandi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari tumanda eshik va romlar ishlab chiqarish faoliyatini olib borayotgan “Imzo” franshiza fabrikasida ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Oyiga 30 turdagi 15 ming kvadrat metr eshik va rom ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur fabrikada 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.

Viloyat rahbari tumanning “Lutfkor” mahallasida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida turar joylar qurilishini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga qurilish-ta’mirlash ishlarini sifatli amalga oshirish, belgilangan muddatda xonadonlarni foydalanishga topshirish vazifasi yuklandi. Shu yerning o‘zida Uzun tumani markazini yangi ko‘rinishga keltirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti bilan tanishildi. Ishlab chiqilgan loyihalarni shaharsozlik normalariga moslashtirish bo‘yicha e’tirozlar bildirilib, tegishli tavsiyalar berildi.

Tashrifning keyingi manzilida “Shoqishloq” mahallasida “yettilik” faoliyati bilan tanishildi. Mahallada “Jamoatchilik kengashi” tuzilgan bo‘lib, homiylar bilan qiynalgan oilalarga ko‘mak ko‘rsatish, “Tashabbusli budjet” loyihasidan unumli foydalangan holda infratuzilmani yaxshilash ishlari amalga oshirilganligi e’tirof etildi.

Xususan, mahalladagi oilaviy shifokorlik punkti ham “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida qurilgan. Viloyat rahbari tibbiyot maskani bilan tanishib, patronaj xizmati ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti hamda aholi muammolarini tingladi. Mas’ullarga aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tashrif yakunida tuman markazidagi mahallalar hamda “Yangi O‘zbekiston” massivini ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda kanalizatsiya tarmoqlarini qurish ishlari bilan tanishildi. Loyihani ko‘zdan kechirish davomida mas’ullarga kamchiliklar ko‘rsatilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.