Muborak Ramazon oyi hamda chigit ekish mavsumi oldidan ehson tadbiri o‘tkazildi
Qishloq xo‘jaligi ekinlari, xususan chigit ekish tadbirlari oldidan soha faxriylari va faollari hamda nuroniylarning maslahat va tavsiyalarini olish maqsadida Termiz tumanidagi “Al-Hakim At-Termiziy” majmuasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyat va tumanlar sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi faxriylari va fidoyilari hamda diniy soha vakillari, nuroniylar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat rahbari barchani kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan qutladi hamda o‘tgan yili ushbu oyda qiynalgan, ko‘makka muhtoj oilalarga manzilli yordam berish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llash borasidagi “Surxondaryo tajribasi”ni joriy yilda ham davom ettirish, hududlar rahbarlariga diniy soha vakillari, joylardagi imomlar bilan ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olish, moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, chigit ekish mavsumi oldidan jonliq so‘yilib, doshqozonlarda osh damlandi. To‘kin dasturxon atrofida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyatda chigit ekish mavsumini sifatli o‘tkazish, urug‘lar unumdorligini ta’minlash, hosildorlikni yanada oshirish yuzasidan soha faxriylari va fidoiylarining maslahat va tavsiyalari olindi.
Joriy yilda Surxondaryoda 72 ming 270 gektar maydonda chigit qadash rejalashtirilgan bo‘lib, mavsumni sifatli va qisqa muddatda yakunlash maqsadida 191 ta otryadga 1 280 ta chopiq traktorlari, 660 ta seyalka, 2 640 ta tishli baronalar biriktirilgan.
Yakunda diniy soha vakillari tomonidan Qur’on tilovat qilindi va nuroniylar yurt tinchligi va farovonligini, yaxshi niyatlar bilan yerga qadalayotgan urug‘lar hosilining mo‘l-ko‘lchiligini so‘rab duoga qo‘l ochishdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz