Surxondaryoda chigit ekish boshlandi

Hududlarda mavjud yer maydonlaridan samarali va maqsadli foydalanish, chigit ekish ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda bu boradagi vazifalarni belgilab olish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Jarqo‘rg‘on tumanida seminar o‘tkazildi. Unda tuman sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi boshqarma va tashkilotlar boshliqlari, tumanlar hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari hamda klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

Jarqo‘rg‘on tumani “Jayronxona mirishkor” hududida joylashgan “Oqqo‘rg‘onlik Asadbek” fermer xo‘jaligi dalasida o‘tkazilgan seminarda soha mutaxassislari va ko‘p yillik tajribaga ega faxriylarning tavsiya va maslahatlari tinglandi. Vohaning janubiy hududlarida tuproq namligi va havo haroratining chigit ekish uchun mos davrda ekanligini qayd etildi.

Shu bois viloyat rahbari har bir hududning iqlim sharoitlari va tuproq namligini hisobga olib, chigit ekish ishlarini bosqichma-bosqich olib borish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, o‘tgan yilda paxtachilikda erishilgan natijalarni yanada yaxshilash, fermer xo‘jaliklari uchun paxta yetishtirishda yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanishlari uchun sharoitlar yaratish, ularning yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini xarid qilishlari uchun ko‘maklashish bo‘yicha soha mutasaddilari hamda tijorat banklariga vazifalar topshirildi.

Shundan so‘ng, mazkur fermer xo‘jaligi dalasida yer maydonini chigit ekishga tayyorlash, baronalash, yangi zamonaviy seyalkada chigit ekish ishlari amaliy tarzda ko‘rsatib berildi. Yangi seyalkaning afzalligi chigit ekish bilan bir vaqtda mineral o‘g‘itlar bilan ham ishlov berishi, urug‘larning o‘z vaqtida va sifatli unub chiqishini ta’minlashi qayd etildi.

Seminardan so‘ng, viloyat rahbari tumanning “Avlod” mahallasida bo‘lib, aholining tomorqadan samarali foydalanish tajribasi bilan tanishdi. Mutasaddilar bilan xonadonlarda oziq-ovqat mahsulotlari hamda issiqxonalarda sabzavot yetishtirish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.

Mahallada tomorqadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, viloyat rahbari ularning eksportbop, bozorgir mahsulotlar yetishtirishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, issiqxonalar tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha tuman rahbarlari va tijorat banklariga vazifalar belgilab berildi.

Tashrif davomida mahallaning infratuzilmasi ham o‘rganilib, yo‘llarni ta’mirlash, ariq va zovurlarni tozalash, ularning atroflariga daraxt ko‘chatlari ekish, umuman olganda aholi turmush sharoitlarini yaxshilab, muammolarini hal etish topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.