Boysunga tashrif: Festivalga tayyorgarlik, maktab va oilaviy bog‘cha faoliyati bilan tanishuv hamda qurilish sohasi muhokamasi
Viloyat rahbari bugun hududlarga tashrifini Boysun tumanida davom ettirdi. Tashrif dasturiga muvofiq turizm kompleksi qurilishi, ta’lim muassasalari faoliyati, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash hamda “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar taqdimoti bilan tanishildi.
Dastlab, “Bibishirin” mahallasida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik jarayonlari, asosiy sahna hamda shahar va tumanlar povilonlarini tashkil etish, mehmonxona qurilishi, kompleksga boruvchi yo‘llarni ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Mas’ullarga ishlarni jadallashtirish topshirildi.
Keyingi manzilda, 39-sonli maktab faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari maktabda tashkil etilgan “Kitob yarmarkasi”da qatnashib, o‘zining yaxshi ko‘rgan kitoblarini sotib olib, o‘quvchilarga sovg‘a qildi, shuningdek, maktab kutubxonasi uchun ham kitoblar jamlanmasi olib berildi. Maktabda o‘quvchilarga “ikkita xorijiy til va bitta kasb” o‘rgatish ishlarining borishi, inliz va fransuz tillarini o‘rgatish to‘garaklari faoliyati bilan tanishildi.
Tikuvchilik to‘garagi o‘quvchilari tomonidan faollar zali pardalari va o‘rindiqlar uchun to‘shama tikilganligi, umuman maktabda ta’lim-tarbiya va to‘garaklar faoliyati namunali tashkil etilganligi qayd etilib, direktor hamda fidoyi o‘qituvchilarni rag‘batlantirish tavsiyasi berildi.
Maktab bilan tanishuvdan so‘ng, “Mustaqillik” mahallasi “yettiligi” faoliyati va kelgusidagi rejalari yuzasidan axborot berishdi. Ularga aholi bandligini ta’minlash, migrantda yurgan fuqarolarni qaytarish va ishga joylashtirish, mahallani jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, mutasaddilar “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida “Avlod”, “Duoba” va “O‘rmonchi” mahallalarida asalarichilikni, “Sho‘rsoy” mahallasida issiqxonachilikni rivojlantirish loyihalarini taqdimot qilishdi. Viloyat rahbari “Avlod” mahallasiga bir hafta muddatda 100 ta xonadonga asalari oilalarini yetkazib berish, ularni o‘qitish, issiqxonachilikda namunali mahallalar tajribasini joriy etish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalarni berdi.
Shundan so‘ng, ushbu mahallada yashovchi fuqaro S.Jo‘raev tomonidan yashash xonadonida tashkil etilgan oilaviy bog‘cha faoliyati, issiqxona, bog‘ va chorvachilik ishlari bilan ham tanishildi. Viloyat rahbari bog‘cha bolalariga sovg‘alar, o‘yinchoqlar topshirdi. Mahallada shunday namunali xonadonlar borligi, hudud uchun katta imkoniyat va tajriba ekanligi ta’kidlandi.
Viloyat rahbari ushbu mahalla hududida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massividagi qurilish ishlarining borishi bilan ham tanishdi. Mutasaddilar, shahar va tumanlar hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari hududlarda massivlar qurilishi bo‘yicha taqdimotlar qilishdi. Turar joylar va ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishini sifatli amalga oshirish va jadallashtirish topshirig‘i berildi.
Avvalgi tashriflarda tuman markazidagi 10 ta mahallada obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bo‘yicha belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi “Kosiblar” mahallasida o‘rganildi. Hududdagi yo‘llarni asfaltlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi, aholi bilan manzilli ishlamaganligi uchun mahalla raisining lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish, aholi bandligini ta’minlash orqali daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda turmush farovonligini yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Tumanga tashrif so‘ngida qurilish sohasi mutasaddilari, shahar va tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirokida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Qurilish sohasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Massivlar va loyihalar qurilishini muddatida, sifatli amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz