Qumqo‘rg‘onga tashrif: Ta’lim, tibbiyot va muruvvat maskanlari faoliyati, aholining dehqonchilik tajribasi bilan tanishildi
Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari va topshiriqlar ijrosi, ta’lim, tibbiyot maskanlari faoliyati hamda qishloq xo‘jaligi sohasi, aholining dehqonchilik tajribasi bilan yaqindan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, tumanning “Nurmamat Mirzayev” hududidagi “Jaloir qo‘rg‘oncha” fermer xo‘jaligi dalasida chigit ekish ishlarining borishi bilan tanishildi. Tuman sektor rahbarlari bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berishdi. Viloyat rahbari ayni tuproq obi-tobiga kelgan paytda chigitni ekish, uni sifatli undirish mo‘l hosilning asosiy omili ekanligini ta’kidlab, mutasaddilarga vazifalarni belgilab berdi.
Keyingi manzilda, ushbu mahalladagi 103-sonli oilaviy poliklinikaning yangi binosi foydalanishga topshirildi. Tibbiyot muassasasi 18 yil davomida kasb-hunar kollejining uchta xonasida joylashtirilgan bo‘lib, 30 ga yaqin tibbiyot xodimlari qiyin sharoitlarda faoliyat yuritishgan. Tadbirda so‘zga chiqqan aholi vakillari yaratilgan sharoitlardan mamnunligini ta’kidlashib, davlatimizga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Shuningdek, videokonfrensaloqa shaklida “Bobotog‘” oilaviy shifokorlik punkti ham foydalanishga topshirildi.
Viloyat rahbari ochilish marosimida tibbiyot xodimlariga aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda kasallarni davolash bilangina emas, balki, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanish lozimligini ta’kidladi. Patronaj hamshiralarga bu boradagi ishlarni sifatli amalga oshirish uchun planshetlar, oilaviy poliklinika uchun tibbiy asbob-uskunalar, kompyuter jamlanmalari topshirildi.
Shundan so‘ng, Prezidentimiz huzurida joriy yil 20 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektorda berilgan “Muruvvat” uylari va Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida ijtimoiy xizmatlarni mobil va kunduzgi qatnov shaklida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Qumqo‘rg‘on nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Muruvvat” internat uyiga tashrif buyurildi. Internat uyi sport anjomlari va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanib, mobil va kunduzgi qatnov asosida tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Tanishuv davomida farzandini olib kelgan ona bilan suhbatlashildi. Bir necha yillardan beri qiyinchiliklar bilan viloyat markaziga qatnashga majbur bo‘lgan ona Prezidentimizga yaratib berigan sharoit uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Viloyat rahbari tashrifini “Yangier” mahallasida davom ettirdi. Mahallada yashovchi Akram Xursanovning xonadonida bo‘lib, energiya va suv tejamkor issiqxonasi bilan tanishdi. O‘tgan yilgi daromadidan markazlashgan, yoqilg‘i tejamkor isitish pechlarini o‘rnatgan hamda yomg‘ir suvini yig‘ib, tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Viloyat rahbari tajribani mahallada ommalashtirish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, shu yerning o‘zida mahalla “yettiligi” faoliyati yuzasidan axborotlari tinglandi. Ularning faoliyati e’tirof etilib, kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.
Tashrifning keyingi manzili 7-sonli maktab bo‘ldi. Maktab hududidagi 10 sotix bo‘sh yer maydoni shu mahallada yashovchi, gulchilik va ko‘chatchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga ijaraga berilgan hamda o‘quvchilarga issiqxonachilik ilmlari o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Maktab faoliyati, ikki xorijiy til va bitta kasb o‘rgatish to‘garaklari faoliyati bilan tanishgan viloyat rahbari tajriba yaxshi yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidladi. Shuningdek, maktabda o‘tkazilayotgan “Navro‘z” umumxalq bayrami tadbirlarida ishtirok etildi.
Viloyat rahbari maktabda 10 sotixli issiqxona tashkil etgan tadbirkorning xonadonida ham bo‘lib, ko‘chatchilik faoliyati bilan tanishdi. Mutasaddilarga tajribani mahallada ommalashtirish topshirildi, tadbirkordan o‘quvchilar va mahalla yoshlariga o‘z tajribasini o‘rgatish so‘raldi. Mahallaga tashrif davomida hududdagi bog‘chada ham bo‘linib, gimnastika to‘garagi faoliyati bilan tanishildi, bolajonlarga sovg‘alar ulashildi. Shuningdek, mahalla hududidagi tashlandiq bog‘ ham ko‘zdan kechirilib, daraxtlarni saqlab qolgan holda qayta rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Bog‘ hududida manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekilishi, qulay infratuzilma yaratilishi belgilandi.
“Yangiyer” mahallasida, shuningdek, faoliyatsiz bino negizida tashkil etilgan mehnat guzarida bo‘linib, ishsiz xotin-qizlarni tikuvchilikka, Germaniyaga ishga borish istagini bildirgan yoshlarga nemis tilini o‘qitish kurslari va kutubxona faoliyati bilan tanishildi. Shu yerning o‘zida tuman hokimi hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini taqdimot qildi. Viloyat rahbari tuman hokimi va mutasaddilarga amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan topshiriqlarni berdi. Mahalla hududidagi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.
Tumanga tashrif yakunida “Berdi bobo” tantanalar saroyida “Viloyat hokimi kubogi” uchun “Zakovat” intellektual o‘yinlari viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Viloyat rahbari yoshlarga faqatgina ilm o‘rganish bilan o‘z kelajagini qurishlari mumkinligini, Yangi O‘zbekiston “Uchinchi Renessans”ni ilmli va bilimli yoshlar bilan qurishni maqsad qilganligini ta’kidladi.
Shu bilan Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrif yakuniga yetdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz