Jarqo‘rg‘onga tashrif: Ijtimoiy soha obyektlari faoliyati, aholi xonadonlari bilan tanishildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim, tibbiyot maskanlari, mahalla “yettiligi” faoliyati, “Sayhunobod tajribasi”ni joriy etish tadbirlarining borishi bilan tanishish maqsadida Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi.
Viloyat rahbari tashrifini tumandagi 33-sonli maktabdan boshladi. “Ma’naviyat sektori” va ta’lim jarayonlari, maktab hududining obodonlashtirilishi ko‘zdan kechirildi. Tashabbuskorligi, ta’lim jarayonlarining sifatli tashkil etganligi hamda maktab hududi obodligi uchun maktab direktori faoliyati e’tirof etilib, mutasaddilarga viloyat hokimi nomidan rag‘batlantirish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, viloyat hokimi maktabda o‘tkazilayotgan “Otalar yig‘ilishi”da ham ishtirok etdi. Farzand tarbiyasida otalar roli muhim ekanligi ta’kidlanib, bu borada namuna ko‘rsatayotgan, o‘z farzandining ta’limiga mas’uliyat bilan yondoshayotgan otalarga tashakkurnomalar topshirildi.
Tashrifning keyingi manzili tumandagi 27-sonli oilaviy poliklinika bo‘ldi. Viloyat rahbari hudud aholisi tarqoq joylashganligi, patronaj xizmati ko‘rsatishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotganligi sababli birinchi marta tajriba sifatida patronaj hamshiralariga skuterlar va patronaj sumkalarini topshirdi.
Bundan tashqari patronaj hamshirlariga UzGPRS tarmog‘iga ulangan planshetlar topshirildi. Shu yerning o‘zida ushbu planshetlarning afzallik va qulayliklari taqdimot qilindi. Hamshiralarning kunlik ishlari, kirilgan xonadonlar, ularda aniqlangan kasalliklar ko‘rsatkichlari onlayn tizimga kiritilib boriladi. Ushbu ma’lumotlar 6 oy davomida saqlanadi va patronaj hamshiralarining ish faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlarini shu orqali baholash imkoniyati yaratiladi.
Oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishuvda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev ham ishtirok etdi.
Shundan so‘ng viloyat rahbari Ulug‘bek Qosimov va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev mutasaddilar bilan tumanning “Qorayog‘och” mahallasida “Sayhunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari bilan tanishishdi. Iqtisodiy kompleks mutasaddilari mahallada tajriba asosida ishlarni tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi faoliyatlari yuzasidan axborot berishdi.
Mahalla bo‘ylab aholi xonadonlarida bo‘linib, qilingan ishlar ko‘zdan kechirildi. Aholi va tadbirkorlar bilan muloqot qilindi. Hududda uch yil oldin o‘zini o‘zi band qilishi, oilasi uchun qo‘shimcha daromad olishi uchun yer maydonlari aholiga ajratib berilgan. Ushbu yer maydonlaridan samarali foydalanib kelayotgan dehqonlardan biri o‘tgan yilning o‘zida 250 mln so‘m daromad olganligini ta’kidladi va yaratib berilgan imkoniyat uchun davlatimizga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Viloyat rahbari ushbu tajriba asosida dehqonchilik uchun yangi yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish vazifasini topshirdi.
Shuningdek, mahallada ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning ham faoliyati bilan tanishildi. Loyihasini kengaytirish, ishlab chiqarish uskunalarini olib kelish maqsadida bo‘lgan tadbirkorga ko‘mak berish zarurligi qayd etildi.
Tanishuv davomida viloyat rahbari mahalladagi qiynalgan, ijtimoiy himoya muhtoj oila xonadonida ham bo‘ldi. Oilani kambag‘allikdan chiqarish va daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha tuman mutasaddilariga vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz
1 izoh