Prezident topshirig‘i ijrosi: Surxondaryoda "chiqindi poligon"lari atrofida o‘n qatorli "yashil belbog‘"lar yaratilmoqda

Kuni-kecha Prezidentimiz raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan edi.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash, hududlarda amalga oshiriladigan vazifalarni belgilash hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ommaviy ko‘chat ekish tadbiriga start berish maqsadida Boysun tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlabki manzilida “Xo‘jabulg‘on” mahallasida joylashgan maktab, bog‘cha va tibbiyot maskani faoliyati bilan tanishdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ta’lim va tibbiyot maskanlarida daraxt va gul ko‘chatlari ekish, hududlarini obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mahalla “yettiligi”ning amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalari yuzasidan axboroti tinglandi.

Keyingi manzilda viloyat hokimi “Bibishirin” mahallasida joylashgan “chiqindi poligoni” bilan tanishdi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan poligon atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadida o‘n qatorli daraxt ko‘chatlari ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Mutasaddilarga vohadagi barcha “chiqindi poligon”lari atrofida “yashil belbog‘” yaratish ishlarini jadallashtirish vazifasi topshirildi.

Boysun tumaniga tashrif “Boshrabot” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Eco Product” korxonasida davom etdi. Viloyat rahbari sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini olib boruvchi mazkur korxonada ish jarayonlari, tayyor mahsulotlar bilan tanishdi. Tadbirkor bilan suhbatda loyihani kengaytirish, ishlab chiqarish assortimentini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng, tumandagi barcha mahalla, ijtimoiy soha ob’ektlari, korxona va tashkilotlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ommaviy ko‘chat ekish tadbiriga start berildi. Viloyat rahbari ham ko‘chat ekish tadbirlarida ishtirok etdi. Tuman bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy ko‘chat ekish tadbiri doirasida bugunning o‘zida 140 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt hamda gul ko‘chatlari, tut va terak qalamchalari ekildi.

Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilgan bo‘lib, ayni vaqtga qadar 400 mingga yaqin tut va terak qalamchalari, 100 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Tadbirlar davom etmoqda.

Viloyat rahbari tumanga tashrifi davomida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali o‘tkaziladigan turizm kompleksida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi va baliq yetishtirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Boysunda “farel” balig‘i yetishtirish loyihasini amalga oshirish uchun tadbirkorlarga ko‘mak berish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar yuklandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.