Ulug‘bek Qosimov: “Ko‘chatni ekishdan oldin uning sug‘orish tizimini ham qilmasak, shuncha kuch sarflab amalga oshirayotgan ishlarimiz foydasiz bo‘ladi”

Prezidentimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida ommaviy ko‘chat va qalamchalar ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bu boradagi ishlar bilan tanishish va ommaviy ko‘chat ekish tadbirlarida ishtirok etish uchun Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlarida bo‘ldi.

Tashrif dastlab, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 39-sonli oilaviy poliklinikada ko‘chat ekish tadbirlarida ishtirok etishdan boshlandi. Tuman bo‘yicha bu borada amalga oshirilayotan ishlar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Ta’lim muassasalarining bo‘sh yer maydonlarida ko‘chat yetishtirib, undan daromad olish yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etildi. Ushbu tajribani ommalashtirish lozimligi qayd etildi.

Viloyat rahbari hududlarga tashrifini Qumqo‘rg‘on tumanida davom ettirdi. Tumanning “Uyas” mahallasida dastlab, aholi xonadonlarida bo‘linib, tomorqadan samarali foydalanish, issiqxonachilik tajribasi bilan tanishildi. Bu boradagi ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi ta’kidlanib, aholining tomorqadan foydalanish tajribasini boshqa mahallalarda ham ommalashtirish vazifasi topshirildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari mahalla hududidagi 3 gektar maydonda tashkil etilgan ommaviy ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi va daraxt ko‘chatlari ekdi. Viloyat rahbari ko‘chat ekishdan avval uning sug‘orish tizimini hal etish, ekilgan har bir niholning unib-o‘sishi uchun sharoit yaratib, umummilliy loyihani sifatli amalga oshirish lozimligini ta’kidladi.

Xuddi shuningdek, bugun Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlarida ham ommaviy ko‘chat ekish tadbirlarida ishtirok etildi. Viloyat hokimi ushbu tumanlarda bo‘lib, daraxt ko‘chatlarini ekdi. Hudud rahbarlariga ekilgan har bir niholning sug‘orish tizimidan tortib, parvarishigacha mas’uliyat bilan yondoshish bo‘yicha topshiriqlarni berdi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatimizning barcha hududlarida davom etayotgan ommaviy ko‘chat va qalamchalar ekish, “Yashil bog‘”lar yaratish tadbirlarida 552 mingta meva va manzarali daraxt ko‘chatlari, 602 ming dona terak va tol qalamchalari hamda 121 mingdan ortiq gul ko‘chatlari ekildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.