Termiz shahrida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari o‘rganildi

Prezidentimizning joriy yil 14 mart kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi “Sayxunobod tajribasi”ni respublika bo‘yicha ommalashtirish vazifasi topshirilgan edi.

Mazkur tajribani Surxondaryo viloyati shahar va tumanlarida ham joriy etish bo‘yicha amaliy harakatlar boshlangan bo‘lib, bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Dastlab, viloyat rahbari “Gulira’no” mahallasida yashovchi Kamoliddin Jo‘raevning yashash xonadonida tashkil etilgan quyonchilik faoliyati bilan tanishdi. O‘z xonadonida quyon boqib, oilasiga daromad keltirayotgan fuqaro bilan suhbatda faoliyatini kengaytirishdagi mavjud muammolari o‘rganildi. Shahar hokimiga quyonchilik loyihasini kengaytirish uchun fuqaroga yer bilan bog‘liq masalalarini hal etishda ko‘maklashish hamda kredit mablag‘i ajratilishida yordam berish topshirildi.

Keyingi manzilda “Termiz Stroy Teks” MChJ tomonidan nogironligi bo‘lgan fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tikuvchilik, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishildi. Qarovsiz yer maydonida tashkil etilgan korxonalarda 18 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar, 10 nafar “Yagona himoya reestri”da turgan xotin-qizlar bandligi ta’minlangan. 

Loyiha yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi qayd etilib, korxonalar faoliyatini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratish maqsadida hududdagi bo‘sh turgan binoni ham shu maqsadlarga yo‘naltirish topshirig‘i berildi.

Shundan so‘ng, shaharning Termiz tumani bilan tutash hududida joylashgan “Namuna” mahallasida bo‘lindi. Mahallada 500 dan ortiq xonadonda issiqxonachilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholi tomorqadan foydalanishda yaxshi tajribaga ega. Issiqxonalarda, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, sabzavotlar hamda papaya daraxtini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Hudud aholisining dehqonchilikdagi boy tajribasidan unumli foydalanish, ko‘plab mahallalarda ushbu tajriba asosida ishlarni tashkil etish mumkinligi ta’kidlandi.

Viloyat rahbari mahallaga tashrifi yakunida aholi tomorqalari hamda fermer va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga yo‘naltiruvchi “Agregatorlar” faoliyati bilan tanishdi. Tadbirkorlar bilan muloqot qilindi. Mutasaddilarga eksportyorlarga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish vazifasi yuklandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.