Surxondaryoda chigit ekilgan maydonlarning 55 foizi unib chiqdi
Vohamizda 2024 yil paxta hosili uchun chigit ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Viloyatda joriy yilda 72 ming gektar maydonda chigit ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 71 foizi ekib bo‘lingan. Urug‘ qadalgan maydonlarning 55 foizi unib chiqqan va ularda agrotexnik tadbirlar boshlab yuborilgan.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrifi davomida “Minor Surxon gavhari” hududidagi “Zamin oq oltin” fermer xo‘jaligida unib chiqqan g‘o‘za qator oralariga agrotexnik ishlov berish tadbirlarining borishi bilan tanishdi. Fermer xo‘jaliklari va soha mutasaddilari bilan suhbatda ayni qulay ob-havo sharoitlarida dalalarda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, qolgan maydonlarda qisqa muddatlarda chigit ekish ishlarini yakunlash muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, viloyat rahbari fermer xo‘jaliklariga faqatgina paxta va g‘alla hosiliga qarab qolmasdan, dala chetlaridan samarali foydalangan holda daromad olish, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalarni berdi.
Viloyat rahbari bu orqali fermer xo‘jaliklari qo‘shimcha mahsulot yetishtirib, daromadga ega bo‘lish bilan birga, aholi bandligi hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xissa xissa qo‘shishlarini ta’kidladi hamda buning uchun zarur ko‘maklar, kredit va boshqa yordamlar ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz