Termiz shahrida otalar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Maktab – ta’lim-tarbiyaning o‘chog‘i. Shu sababli keyingi yillarda ta’limga, xususan, maktab ta’limiga katta e’tibor qaratilmoqda. Vohamizda ham bu borada qator ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, otalarning farzand ta’lim-tarbiyasidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida “Surxondaryo tajribasi” sifatida “Otalar yig‘ilishi” va “Otalar qabul kunlari” yo‘lga qo‘yilgan.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi 12-sonli maktabga tashrif buyurib, ta’lim-tarbiya jarayonlarining borishi bilan tanishdi. Viloyat rahbari maktabda otalar bilan o‘tkazilayotgan kitob targ‘iboti tadbirida ham ishtirok etdi. Tadbirda otalar va nuroniylar hamda o‘qituvchilar bilan suhbat qilindi.

Suhbat davomida yosh avlodning ta’lim va tarbiyasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Farzandlarni ilm o‘rganishga qiziqtirish, ta’limga jalb qilishda “maktab-mahalla-oila” hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari belgilab olindi. Shuningdek, maktabning iste’dodli va iqtidorli o‘quvchilar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Ularning erishgan natijalari e’tirof etilib, o‘quvchi va o‘qituvchilar taqdirlandi.

Maktabda tashkil etilgan yana bir tadbir, o‘quvchilar va ularning otalari ishtirokidagi “Zakovat” intellektual o‘yinlari bilan ham tanishildi. Tadbirda ishtirok etayotgan ayrim otalar shu vaqtga qadar farzandlarining ta’limiga bee’tibor bo‘lib kelishganligini, “Otalar yig‘ilishi” va “Otalar qabuli kunlari” o‘tkazilishi sabab endilikda ta’lim jarayonlarining ichiga kirib, farzandining ilm o‘rganishiga katta e’tibor qaratishayotganini ta’kidlashdi hamda maktabda yaratilgan sharoitlar uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Viloyat rahbari ushbu ta’lim maskani misolida shaharning barcha maktablarida ta’lim jarayonlarini sifatli tashkil etish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.