Sho‘rchida oilaviy poliklinika va bog‘cha binosi foydalanishga topshirildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq bugun Sho‘rchi tumanida ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda mahalla “yettiligi” faoliyati bilan tanishdi.
Dastlab, “Elbayon” mahallasida joylashgan, hududdagi 4 ta mahalla aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi 89-sonli oilaviy poliklinikaning “Yorug‘lik” filiali uchun yangidan qurilgan bino foydalanishga topshirildi. Zamonaviy tipda qurilgan, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan tibbiyot maskani 20 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi.
Shuningdek, tibbiyot maskaniga patronaj xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash va tezkorligini ta’minlash maqsadida 10 ta elektroskuter, 10 ta planshet hamda “Elektron poliklinika” tizimini joriy etish uchun kompyuter jamlanmalari, zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar ham topshirildi. Viloyat rahbari patronaj hamshiralar bilan suhbatlashib, aholiga sifatli va samarali xizmat ko‘rsatish, kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng, “Elbayon” mahallasi “yettiligi”ning amalga oshirgan ishlari hamda kelgusidagi rejalari yuzasidan axborotlari tinglandi. "Yettilik" faoliyati yetarli darajada tashkil etilmaganligi qayd etildi. Mahalla bo‘ylab o‘rganish hamda aholi xonadonlari bilan tanishuv davomida aholini tadbirkorlik va tomorqadan samarali foydalanishga o‘rgatish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi tanqid qilindi.
Umuman olganda, tumanda ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotganligi ta’kidlanib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlarni tartibga solish, jadallashtirish maqsadida viloyat Shtabini tashkil etish va amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Shuningdek, bugunning o‘zida Sho‘rchi tumanida 5 mlrd so‘mlik loyiha evaziga yangidan qurilgan 150 o‘rinli bog‘cha hamda Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 125-sonli “Nurli maskan” maktab-internatining 120 o‘rinli yotoqxonasi va sport zali ham foydalanishga topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz