Turkiya kompaniyasi Surxondaryoda 100 MVt fotoelektr stansiyasi qurishni rejalashtirmoqda

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Turkiyaning quyosh elektr stansiyalari qurish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Akgun enerji” kompaniyasi bosh direktori Kemal Gunay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda ikki qardosh davlat, O‘zbekiston va Turkiyaning hamkorlik aloqalari oliy darajada yo‘lga qo‘yilayotganligi, har ikki mamlakat ishbilarmonlari tomonidan o‘zaro investitsiyalarni jalb qilish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi.

Turkiyalik investorlar Surxondaryo viloyatining ob-havosi yilning asosiy qismida quyoshli bo‘lishi, keyingi yillarda tobora ehtiyoj ortib borayotgan energiya, jumladan, qayta tiklanuvchi elektr energiyasi manbalarini joriy etish uchun zarur imkoniyat va sharoitlarga ega ekanligini ta’kidlashib, vohamizda 100 MVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasini taklif qilishdi.

Viloyatimiz rahbari bu kabi istiqbolli, o‘z navbatida iqtisodiy va ekologik samarador loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan mamnun ekanligini, buning uchun investorlarga zarur ko‘maklar ko‘rsatilishini ta’kidladi. Muzokaralar yakunida ikki tomon mutaxassislari ishtirokida loyihaning texnik-iqtisodiy imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, takomillashtirish bo‘yicha ishlarni boshlashga kelishilib olindi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.