Oltinsoy tumanini rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi

Aholi daromadlarini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda eksport imkoniyatlarini oshirish loyihalari bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Oltinsoy tumanida bo‘ldi.

Dastlab, “Shakarqamish” mahallasida joylashgan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saralash va qadoqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “BEST-VEG SURXON” MChJ qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Korxonada asosan, ko‘kat, karam hamda turli sabzavotlar quritilib, Yevropa va Amerika qit’asi davlatlariga eksport qilinadi. Viloyat rahbari korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari hamda tayyor mahsulotlar bilan tanishdi.

Tanishuv davomida qo‘shma korxona mutasaddilariga loyihani kengaytirish, mahsulotlar assortimentini ko‘paytirish hamda eksport hajmini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan manzilli ishlab, korxona faoliyatini qo‘llab-quvvatlash vazifasi topshirildi.

Shu yerning o‘zida viloyat rahbariga Oltinsoy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi. Tashabbuskorlarga tegishli tavsiyalar, tuman hokimi va mutasaddilarga loyihalarni sifatli amalga oshirish topshirig‘i berildi. Jumladan, 1 000 gektar maydonda tokzor tashkil etish loyihasini jadallashtirish lozimligi, bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish bilan birga mahsulot yetishtirish hajmi ham ortishi qayd etildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari “Registon Oltinsoy Mega” MChJ tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxona va 1 ming tonnalik muzlatkichli omborxona faoliyati bilan tanishdi. Tadbirkorning muammolari tinglandi hamda ularni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Viloyat rahbari tumanga tashrifi davomida yoshlar uchun “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqonchilik uchun ajratilgan yer maydonidan foydalanish holatini ham ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga bozorbop mahsulotlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yishda yoshlarga ko‘mak ko‘rsatish vazifasi topshirildi. Shuningdek, tashrif davomida yaxna ichimliklar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati hamda un ishlab chiqarish loyihasi ko‘zdan kechirildi hamda loyihani kengaytirish uchun tadbirkorga ko‘mak berish topshirig‘i berildi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.