Xalqaro folklor festivaliga tayyogarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda

Xabar berib borilayotganidek, joriy yil 1-7 may kunlari Boysun tumani “Bibishirin” mahallasida joylashgan turizm kompleksida ikki yilda bir marotaba bo‘lib o‘tadigan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali o‘tkaziladi. Ayni vaqtda dunyo turistlarini o‘z bag‘riga chorlayotgan ko‘hna Boysunda xalqaro festivalga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov tayyorgarlik jarayonlarining borishi bilan tanishish maqsadida Boysun tumaniga tashrif buyurdi. Turizm kompleksida yakuniy bosqichda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi va tez kunlarda ishlarni to‘liq yakunlash lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, soha mutasaddilari bilan festivalning badiiy va ko‘rgazmali dasturlariga tayyorgarlik jarayonlari, sahna bezaklari, kiyimlar, o‘tovlarning milliy urf-odatlar bilan bezatish uchun tanlab olingan namunalar taqdimot qilindi.

O‘tgan festivallardan o‘zgacha ruh va ko‘tarinkilik bilan o‘tishi, ko‘proq xorijiy turistlar hamda mehmonlarning tashrif buyurishi kutilayotgan bu yilgi festival jarayonlariga puxta hozirlik ko‘rish, har bir kichik detallargacha professional yondoshuvlarga asoslanib e’tibor qaratish, tashrif buyuruvchilarga vohaning boy tarixi hamda madaniy merosini ko‘rsatib berish lozimligi ta’kidlandi.

Xalqaro festivalga tayyogralik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan komissiyalar rahbarlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berishdi. Mas’ullarga tayyogralik jarayonlarini qisqa muddatda yakunlab, festival mehmonlari hamda mahalliy va xorijiy turistlarni kutib olishga shay holatda bo‘lish vazifasi topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.