Denov tumanida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari o‘rganildi

Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan respublikamizning barcha hududlarida aholi bandligini ta’minlash, tomorqadan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida “Sayxunobod tajribasi” joriy etilmoqda.

Bugun viloyatimiz hokimi Ulug‘bek Qosimov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, aholining tomorqadan foydalanish tajribasi bilan tanishish hamda ish o‘rinlari yaratayotgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini ko‘zdan kechirish maqsadida Denov tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab, viloyat rahbari “Bog‘inav” mahallasida “yettilik” faoliyati bilan tanishdi va ularning amalga oshirgan ishlari yuzasidan axborotlarini tingladi. Mahallada aholi “oilabay” xatlovdan o‘tkazilgan bo‘lib, har bir xonadonning drayverini aniqlagan holda ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Yangi yondoshuvlar asosida aholi bilan ishlashni yo‘lga qo‘ygan “yettilik” faoliyati e’tirof etildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari mahalladagi xonadonlarda ham bo‘lib, gulchilik, qulupnaychilik va boshqa yo‘nalishlarda tomorqadan foydalanish tajribasi bilan tanishdi. Bu borada katta tajribaga ega dehqonlar yoshlarga o‘z bilimlarini o‘rgatishmoqda va aholi o‘z tomorqalarida gul yetishtirib, daromad olishni o‘rganishmoqda. Viloyat rahbari ijobiy ishlar ko‘lamini kengaytirish lozimligini qayd etdi va tajribasini yoshlarga o‘rgatayotgan dehqonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Mas’ullarga “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlarini jadallashtirish vazifasi yuklandi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari “Abdulfayz Farovon Denov” oilaviy korxonasining politilen mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Loyiha tashabbuskori korxona faoliyati haqida taqdimot qildi. Korxonada hozirda xom ashyoni birlamchi qayta ishlab granula hamda politilen paketlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat rahbari to‘liq tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi va mas’ullarga tadbirkor bilan ishlab, loyihani kengaytirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va turlarini oshirish uchun zarur uskunalarni olishga ko‘maklashish vazifasini topshirdi.

Tashrifning keyingi manzili “Nasr snek” xorijiy korxonasining pista qadoqlash loyihasi bo‘ldi. Ishlab chiqarish jarayonlari va tayyor mahsulotlar ko‘zdan kechirilib, tadbirkor bilan suhbat qilindi. Bu yerda ham viloyat rahbari ish o‘rinlarini oshirish uchun loyihani kengaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini berdi.

Viloyat rahbari “Namozgoh” mahallasi hududida qurilayotgan bozorlar majmuasida Denov tumanidagi 52 gektar bo‘sh yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, auksion savdolariga chiqarish, yangi loyihalarni amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha mutasaddilarning axborotini tingladi. Yer maydonlarini, jumladan, bozorlar majmuasi uchun ajratilgan yer maydonlarini qonunchilik talablari asosida to‘liq xatlovdan o‘tkazish va belgilangan talablar asosida auksion savdolariga qo‘yish topshirildi.

Tashrif yakunida, “Termiz erkin iqtisodiy zonasi”ning Denov tumani “Qo‘zichoqli” massivida amalga oshirilayotgan loyihalari yuzasidan ham mas’ullarning axboroti tinglandi. Ishlarni jadallashtirish, loyihalarni ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.