Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanida bog‘dorchilik va ko‘chatchilik loyihalari hamda massivlar qurilishi bilan tanishildi
Bugun kunning ikkinchi yarmida viloyat rahbari Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanlariga tashrif buyurib, bog‘dorchilik, ko‘chatchilik, issiqxonalar, kichik va erkin iqtisodiy zonalardagi loyihalar hamda “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilish ishlarining borishi, shuningdek, mahalla “yettiligi” faoliyati bilan tanishdi.
Hududlarga tashrifning dastlabki manzilida Termiz tumanida 88 gektar maydonda tashkil etilishi rejalashtirilgan bog‘dorchilik loyihasi taqdimoti bilan tanishildi. Viloyat rahbari mas’ullarning loyiha yuzasidan axborotlarini tinglab, tadbirkorlar bilan suhbatlashdi hamda tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng, “Janub Surxon eksport” MChJ tomonidan tashkil etilgan issiqxona faoliyati hamda lavanda ko‘chatlari ekiladigan maydon bilan bilan tanishildi. Viloyat rahbari lavanda yetishtirishda tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘chat ekish ishlarini tashkil etish hamda parvarishi bo‘yicha zarur tavsiyalarni olish lozimligini qayd etdi. Buning uchun mutaxassislarning lavandadan yaxshi daromad olayotgan viloyatlarga tajriba almashish uchun yuborilishi belgilandi.
Termiz tumaniga tashrif davomida “Termiz erkin iqtisodiy zonasi”da amalga oshirilayotgan loyihalar ham ko‘zdan kechirildi. Ishlarni jadallashtirish, loyihalarni ishga tushirish hamda rejalashtirilgan ish o‘rinlarini to‘liq yaratilishini ta’minlash vazifasi topshirildi.
Viloyat rahbarining hududlarga tashrifi Jarqo‘rg‘on tumanida davom etdi. “Termiz Jayxun klaster” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan 100 gektar maydonda limonchilikni tashkil etish loyihasida ishlar sust olib borilayotganligi tanqid qilindi. Katta hajmda yer resurslari va mablag‘ yo‘naltirilgan mazkur loyiha nafaqat ish o‘rinlari yaratish, balki mahsulotlar eksporti hajmini oshirishda ham muhim ekanligi ta’kidlanib, ishlarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi balansidagi yer maydonlaridan samarali foydalanish, ko‘chat yetishtirish, xo‘jalik daromadlarini oshirish hamda “yashil hududlar”ni ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ullarning axboroti tinglandi. Viloyat rahbari sohada qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini qayd etib, ishlarni samarali tashkil etish, daromadlarni oshirish, ko‘chatchilik faoliyatini jonlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Tumanga tashrif yakunida “Yangi O‘zbekiston” massivida turar-joylar hamda xizmat ko‘rsatish nuqtalarining qurilishi, mahalla “yettiligi” faoliyati va “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi”da amalga oshirilayotgan loyihalar bilan ham tanishilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz