Denov tumanida "Sayxunobod tajribasi"ni joriy etish ishlari va ta’lim maskanlari faoliyati bilan tanishildi

Voha aholisining to‘rtdan bir qismi istiqomat qiladigan Denov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda daromadlarini oshirish bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshirilmoqda. Shu sababli viloyat rahbari deyarli har hafta ushbu tumanda bo‘lib, qilingan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishmoqda.

Bugun ham viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mutasaddilar bilan Denov tumaniga tashrif buyurdi. Dastlab, 82-sonli maktabda sektor rahbarlari, ta’lim tizimi mutasaddilari direktorlar hamda faol ota-onalar ishtirokida maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayonlarining borishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari tahlil qilindi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ishchi guruhning o‘rganishlari natijasida tumandagi 10 ta maktabda ko‘rsatkichlar doimiy past ekanligi, faoliyati qoniqarsizligi ta’kidlandi. Ushbu maktablarda tajribali o‘qituvchilarni jalb qilgan holda ta’lim jarayonlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Shundan so‘ng, ko‘rsatkichi past bo‘lgan ta’lim maskanlaridan biri bo‘lgan 76-sonli maktabdagi sharoitlar bilan tanishildi. O‘quv binosini ta’mirlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ishlarni boshlash, maktabni “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tkazish vazifasi topshirildi.

Viloyat rahbari tumanga tashrifini amalga oshirilayotgan yangi loyihalarni ko‘zdan kechirish bilan davom ettirdi. Xususan, tumanning “Qovunlisoy” mahallasida sektor rahbarlari hamda iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlari tashabbusi bilan hududdagi zovurning 600 metr qismida baliq yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan 40 ta loyiha, shuningdek, ushbu mahallada intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi bilan tanishildi.

Mas’ullar loyihalarning afzalliklari, iqtisodiy samarasi haqida axborot berildi. Intensiv usulda baliq yetishtirish uchun olingan kreditni 6 oy muddatda qoplash, qisqa muddatda daromadga kirish mumkinligi qayd etildi. Loyihaning samaradorligi va bugungi kundagi ahamiyati haqida to‘xtalinib, uni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tumanga tashrif davomida “Qo‘zichoqli” mahallasida tashkil etilayotgan “Kichki sanoat zonasi”da amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, loyiha tashabbuskorlari bilan suhbat qilindi. Mutasaddilarga loyihalarni jadallashtirish, uskuna va jihozlarni qisqa muddatlarda olib kelish, tijorat banklariga kredit resurslarini ajratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Viloyat rahbari tashabbusni qo‘llab-quvvatlash, kengaytirish, yosh tadbirkorlar uchun tayyor loyihalarni ishlab chiqib, ularni o‘qitish hamda tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlari uchun ko‘maklashish yuzasidan tavsiya va ko‘rsatmalarini berdi.

Tashrif yakunida tumanning “Buyuk kelajak” mahallasidagi Ezgulik ko‘chasini namunali ko‘chaga aylantirish borasidagi ishlar bilan tanishildi. Ushbu ko‘chada istiqomat qiluvchi aholi issiqxonachilik, gulchilik, ko‘chatchilik va tikuvchilik hamda qandolatchilik bilan band bo‘lib, ishsiz fuqaro yo‘q. Viloyat rahbari hududni yanada obod etish, uzum voishlari tashkil etish, gul va rayhon ko‘chatlari ekish, parvarishini sifatli yo‘lga qo‘yish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.