Sherobod tumanida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari va yirik loyihalar qurilishi bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi xonadonlarida amalga oshirilayotgan ishlar, savdo kompleksi va xizmat ko‘rsatish nuqtalari qurilishi hamda yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishish maqsadida Sherobod tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, tumanning “Katta hayot” mahallasida qurilayotgan, loyiha qiymati 20 mlrd so‘mlik “Sherobod ko‘p tarmokli savdo kompleksi” MChJning savdo majmuasi bilan tanishildi. Loyiha to‘liq ishga tushirilgach 80 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi hamda yillik xizmat ko‘rsatish hajmi 7,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Viloyat rahbari loyihada belgilangan rejalarni to‘liq va muddatida bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng, viloyati rahbari tumanning markaziy dehqon bozorida sotuvchi va xaridorlar uchun yaratilgan sharoitlar, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini ko‘zdan kechirdi. Bozor hududida savdo-sotiq ishlari yetarlicha tartibga solinmaganligi tanqid qilindi. Mutasaddilarga hududda tartib o‘rnatish, mahsulotlar sotuvida sanitariya qoidalariga rioya qilish, yetarli sharoitlar yaratish vazifasi topshirildi.
Tashrif tumanning “Bog‘iobod” mahallasida davom etdi. “Temur sement ta’minot” MChJ tomonidan mehmonxona, non mahsulotlari ishlab chiqarish, tikuvchilik sexi, o‘quv markazi, avtotexxizmat va savdo nuqtalarini tashkil etish loyihasi bilan tanishildi. Amalga oshirilayotgan ishlar va yaratiladigan ish o‘rinlari bo‘yicha mutasaddilar axborot berishdi. Qurilish ishlarini jadallashtirish, loyihalarni bir oy muddatda ishga tushirish ko‘rsatmasi berildi.
Viloyat rahbariga “Bog‘iobod” mahallasi “yettiligi” tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar taqdimot qilindi. Mahallada “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi xonadonlarida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Jumladan, o‘z tomorqasida chorvachilik, asalarichilik, parrandachilik va anor yetishtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan Anvar Lolayev xonadonida bo‘lindi. Ushbu xonadon misolida tomorqadan samarali foydalanish, kredit paketlari ajratish orqali daromadli loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan taqdimot qilindi.
Jumladan, asalarichilikning iqtisodiy samaradorligi, kamxarajat bilan yaxshi daromad topish mumkinligi qayd etildi. Shunga asosan, mahallada kooperatsiya asosida asalarichilikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Sherobod asal bir” oilaviy korxonasi tomonidan har bir oilaga 5 tadan, jami 50 ta xonadonga 250 ta asalari uyalari tarqatildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz