Surxondaryo viloyati hokimi va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi “Otalar yig‘ilishi”da ishtirok etishdi

Viloyatimiz hokimining Sariosiyo tumaniga tashrifi ta’lim maskanlarida davom etdi. Dastlab, tumanning “Bo‘yrapo‘sh” mahallasida mahalliy budjet mablag‘lari hisobiga 4,6 mlrd so‘mlik loyiha asosida yangidan qurilgan 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi 180 o‘rinli binosi foydalanishga topshirildi.

Bog‘chada zamonaviy talablar asosida musiqa zali, oshxona, shinam yotoqxona va o‘yin maydonchalari qurilgan bo‘lib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Viloyat rahbari mahalla faollari va nuroniylar hamda mutasaddilar bilan bog‘chadagi sharoitlar bilan tanishdi.

Shu yerning o‘zida tumandagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari bilan suhbat qilindi. Bolalarni ta’lim, san’at va sportga jalb qilish, ularni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid bilan 18-sonli maktabga tashrif buyurdi. Maktabdagi ta’lim jarayonlari, yaratilgan sharoitlar hamda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Vatanparvarlik tadbirlari bilan tanishildi. O‘quvchilarning harbiy ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Iqtidorli va natijalarga erishgan o‘quvchilarga sovg‘alar topshirildi.

Maktabda “Otalar yig‘ilishi” o‘tkazildi. Unda viloyat rahbari va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi farzandlar ta’lim-tarbiyasida otalarning mas’uliyati va e’tiborini yanada oshirish lozimligini ta’kidlashdi. Yig‘ilishda o‘z tengdoshlariga bilimi va tarbiyasi bilar o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning otalariga viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi. Shuningdek, “Ma’naviyat sektori”, “Ibrat maktabi”, “Turon teatri”, “Folklor va maqom” guruhlari faoliyati hamda ikkita til va bitta kasb o‘rgatish borasida ishlar bilan ham tanishildi.

Tumanga tashrif yakunida “Anorzor” sanoat zonasi faoliyati bilan tanishildi. Qurilish materiallari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan mazkur sanoat zonasida 8 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularda quruq qorishmalar, penablok, gazoblok, dekorativ penoplast, lak bo‘yoq mahsulotlari, mix va samorez, sanitar-texnik trubalar hamda boshqa turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Viloyat rahbari sanoat zonasi imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, bo‘sh binolarda istiqbolli tadbirkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda ish o‘rinlari yaratish borasida qator vazifalarni belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.