Qiziriqda “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari bilan tanishildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi bandligini ta’minlash, tomorqadan samarali foydalanish tajribasini ommalashtirish, daromadlarini oshirish tadbirlarining borishi, shuningdek, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishish maqsadida Qiziriq tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida tumandagi Takiya va Zarobod mahallalaridagi aholi xonadonlarida bo‘lindi. Xususan, Takiya mahallasida yashovchi Jovli Almardonovning tomorqadan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik faoliyati bilan tanishildi. Mutasaddilarga har bir mahallada namunali xonadonlarni tanlab olib, ularning tajribasini ommalashtirish topshirildi.
Shuningdek, Takiya mahallasida ziyoratgoh va qabristonni obodonlashtirish holati ko‘zdan kechirilib, hududni tartibga keltirish, tashrif buyuruvchilar uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi. “Takiya ota” qabri ziyorat qilinib, o‘tganlar haqqiga Qur’on tilavat qilindi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari Zarobod mahallasida “yettilik” faoliyati va kelgusidagi rejalari yuzasidan hisobotini tingladi hamda mahalla guzarida tashkil etilgan mikromarkazda yo‘lga qo‘yilgan loyihalar bilan tanishdi. Bu yerda tikuvchilik, qandolatchilik kabi o‘quv markazlari tashkil etilgan bo‘lib, xotin-qizlar bandligi ta’minlangan.
Mahallaga tashrifi davomida viloyat rahbari Anvar Fayzullaev xonadonida chorvachilik, parrandachilik va issiqxonachilik tajribasi hamda Tursunoy Pardaeva xonadonida tashkil etilgan “Aslbek Ekspress” biolaboratoriya faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu xonadonlar egalarining mehnatkashligi, o‘z harakati bilan boshqalarni ham ishli qilayotganligi uchun minnatdorchilik bildirildi. Mas’ullarga barcha xonadonlarda “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish vazifasi yuklandi.
Tashrif yakunida Zarobod mahallasi hududidagi bo‘sh yer maydonida 30 nafar ishsiz fuqaroning bandligini ta’minlash maqsadida qurilayotgan 2 sotixli issiqxonalar taqdimoti bilan tanishildi. Mas’ullar hamda ushbu yo‘nalishda tajribaga ega mahalla hokim yordamchilarining takliflari tinglandi. Viloyat rahbari Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyihalarni vohamiz bo‘ylab tizimli va sifatli amalga oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz