Ingichka tolali g‘o‘za navlarini yaratish borasidagi olimlarning fikrlari tinglandi
Agrar sohada samaradorlikni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tekshirish institutida olimlar va ko‘p yillik tajribaga ega soha faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda olimlarning vohamizda ingichka tolali paxta yetishtirishning iqtisodiy samaradorligi va uni oshirish yo‘llari to‘g‘risidagi ilmiy asoslangan fikrlari tinglandi. Viloyat rahbari fermer xo‘jaliklari va dehqonlar bilan soha olimlarining uchrashuvlarini tashkil etish hamda hududlar tuproq va iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan hosildor navlarni yaratish topshirig‘ini berdi.
Shuningdek, soha faxriylarining tavsiyalarini inobatga olgan holda Qiziriq, Jarqo‘rg‘on, Sherobod, Muzrabot va Termiz tumanlarida bosqichma-bosqich ingichka tolali paxta yetishtirishga o‘tish hamda mashinada paxta terimini tashkil etish, qayta ishlashni to‘liq joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Uchrashuv so‘ngida olimlar va faxriylarga viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng, tumanning “Qo‘ng‘irot” mahallasida joylashgan “Surxon tashabbuskori” MChJning parrandachilik kompleksida veterinariya va chorvachilik sohasi mas’ullari, mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda viloyat rahbarining topshirig‘i bilan sohada o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Xususan, hududlarda chorvachilikni rivojlantirish, naslli zotlarni ko‘paytirish borasida ishlar talab darajasida emasligi, chorva bosh sonlarida kamayish qayd etilganligi tanqid qilindi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi korxonalarida qoramollar bosh soni 2023 yilga nisbatan Qiziriq tumanida 41,6 foizga, Uzun tumanida 26,5 foizga va Termiz tumanida esa 5 foizga kamaygan.
Viloyat rahbari sohada tub burilish yasash lozimligini ta’kidlab, tarmoq mutasaddilari va hududlar rahbarlariga kelgusidagi vazifalarni belgilab berdi. Chorvachilikni rivojlantirish ishlari talab darajasida bo‘lmagan 5 ta hudud mas’ullariga muddat belgilanib, faoliyatida o‘zgarish qilmasa lavozimiga loyiqlik masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qilindi.
Viloyat rahbari Termiz tumaniga tashrifi yakunida “Agropilla” MChJning Yangiariq filialida ipak qurti boqish tadbirlarining borishi bilan tanishdi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ullarning axboroti tinglandi. Faol pillakorlarga sovg‘alar topshirilib, kumush tola yetishtiruvchilariga zafarlar tilandi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz