Bandixon tumanida maktab va bog‘cha faoliyati bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Bandixon tumaniga tashrifi davomida Birdamlik mahallasida joylashgan 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi. Yaratilgan sharoitlar hamda ta’lim-tarbiya jarayonlari ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari mahalladagi 10-sonli maktabdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishib, iqtidorli o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalari, “Ma’naviyat sektori” faoliyati, kitobxonlik tadbirlari bilan tanishdi.

“Otalar yig‘ilishi”da o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasida otalarning rolini oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Iqtidorli o‘quvchilarning otalariga tashakkurnoma va sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, muassasadagi harbiy-vatanparvarlik to‘garagi faoliyati yuqori baholandi. Shu yerning o‘zida tumandagi 43 ta maktabning YoChQBT o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning harbiy ta’lim jarayonlarini namunali tashkil etish bo‘yicha fikrlari tinglandi hamda tegishli tavsiyalar berildi.

Tashrif yakunida Bolalar musiqa va san’at maktabida mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, favqulodda vaziyatlar idoralariga tumandagi ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalari binolarini xatlovdan o‘tkazish, ta’mirtalablarini aniqlab, takliflar tayyorlash vazifasi topshirildi. Yig‘ilishda sport sohasi mutasaddilariga ham tegishli vazifalar belgilab berildi.

Tuman mutasaddilariga Birdamlik mahallasida “Sayxunobod tajribasi”ni namunali joriy etish, aholi bandligini ta’minlash, tomorqadan samarali foydalanishga o‘rgatish bo‘yicha vazifalar yuklandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.