Bayramga tuhfa: Surxondaryoda 53 ta mahalla binosi foydalanishga topshirildi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholi bilan bevosita ishlovchi “mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ularning o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini samarali tashkil etish uchun munosib sharoit yaratish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyatida o‘z binosiga ega bo‘lmagan mahallalarni yangi bino bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Bugun ushbu mahallalarning 53 tasida yangi bino foydalanishga topshirildi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumani Sebzor mahallasida yangi bino ochilishi tadbirida ishtirok etdi. Shu yerning o‘zidan viloyatimizning shahar va tumanlaridagi mahallalarning yangi binolari ochilishi “Zoom” platformasi orqali onlayn shaklda o‘tkazildi.
Viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari, nuroniylar hamda “mahalla yettiligi” ishtirok etgan tadbirda viloyat rahbari hududiy studiyalar orqali faollar bilan suhbatlashdi. So‘zga chiqqanlar davlatimiz tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Ma’lumot uchun, yana 47 ta mahalla binosini qurish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish va qurilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Sariosiyo tumanida viloyatimizda istiqomat qilayotgan frontorti mehnat faxriylari, nuroniylar hamda faollar uchun 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bayram dasturxoni yozildi. O‘tganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilindi. Tadbirda frontorti mehnat faxriylari va nuroniylarning ko‘nglini ko‘tarish maqsadida sovg‘alar topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz