Termiz shahri va Angor tumanida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi
Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq Termiz shahri va Angor tumanidagi yirik investitsiya loyihalari qurilishi hamda korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Dastlab, hududlarga tashrif avvalida Termiz shahridagi “Tinchlik sanoat zonasi”da faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarga kredit ajratish, loyihalarni ishga tushirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish borasida tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Ishlar talab darajasida emasligi, mas’ullarning faoliyati qoniqarsizligi qayd etilib, topshiriqlar ijrosi sifatli tashkil etilmayotganligi tanqid qilindi.
Shuningdek, viloyatdagi mavjud konlar, geologiya qidiruv ishlari hamda xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning borishi yuzasidan taqdimotlar ko‘rib chiqildi. Viloyat rahbari uchta taqdimot bilan ham tanishib, mas’ullarga tavsiya va ko‘rsatmalarni berdi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha ishlarni jonlantirish, loyihalarning borishi yuzasidan axborot kiritib borish vazifasi topshirildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari Angor tumanida “Stone City Energe B.V” kompaniyasi tomonidan 1500-1600 MVt quvvatga ega bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishi bilan tanishdi. Xorijiy kompaniya mutaxassislari va investorlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan suhbat qilindi. Umumiy qiymati 1,23 mlrd yevro bo‘lgan ushbu loyihani amalga oshirishda Germaniya, Fransiya, Qatar va Niderlandiya kabi davlatlar kompaniyalarining hamda turli xalqaro bank va jamg‘armalarning investitsiya mablag‘lari jalb qilingan.
Loyiha qurilishi jarayoniga 2 mingga yaqin mahalliy aholi ishga jalb qilinadi. Hozirda ma’muriy bino, ishchilar uchun yotoqxona va oshxona qurilishi boshlangan. IES to‘liq ishga tushgach yiliga 12,96 mln MVt elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Angor tumanidagi tashrifning keyingi manzili “Durdona Asila Angor” MChJning polietilen paketlar ishlab chiqarish loyihasi bo‘ldi. Qiymati 500 mln so‘m bo‘lgan, 2 sotix maydonda joylashgan korxonada yiliga 800 tonna mahsulot ishlab chiqariladi hamda 10 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Viloyat rahbari mas’ullarga tadbirkorga ko‘mak ko‘rsatib, loyihani kengaytirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish choralarini ko‘rish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Tumanga tashrif yakunida “Tanovar Surxon” MChJ xorijiy korxonasi tomonidan 13,5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari tanishuv davomida tadbirkorlar bilan suhbatlashib, mahsulot yetishtirish hajmi va eksportini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz