Jarqo‘rg‘on va Termiz tumanlarida turar joylar, sanoat zonasidagi loyihalar qurilishi bilan tanishildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq bugun qurilish loyihalari bilan tanishish maqsadida Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi. Tumanning Qorayontoq mahallasida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida turar joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda xizmat ko‘rsatish nuqtalarining qurilishi bilan tanishildi.
Shuningdek, mutasaddilar tuman markazini obodonlashtirish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarni taqdimot qilishdi. Viloyat rahbari qurilish ishlarini jadallashtirish, taklif etilayotgan loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng, hududlarga tashrif Termiz tumanida davom etdi. Tumanning Ayritom mahallasida joylashgan “Termiz erkin iqtisodiy zonasi” hududida qurilayotgan loyihalar bilan tanishildi. Umumiy 54 gektar maydonga ega EIZda energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa turdagi loyihalar amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlarini jadallashtirish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmining ortishiga hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladigan loyihalarni qisqa muddatlarda ishga tushirish lozimligi qayd etildi.
Tumanga tashrifi davomida viloyat rahbari Qahramon mahallasi hududida “Janub Surxon eksport” MChJ tomonidan faoliyatsiz issiqxonani tiklash, mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ham ko‘zdan kechirdi. Avvalgi tashriflarda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi va yangi vazifalar topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz