Prezident topshirig‘i ijrosi: Migratsiyadagi fuqarolar va ularning oila a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Davlatimiz rahbari huzurida kuni-kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hokimlarga migratsiyadagi fuqarolar va ularning oila a’zolari bilan uchrashib, muammo va takliflarini tinglash, ularni hal etish topshirig‘i berilgan edi. Shu maqsadda bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qiziriq tumanida videokonferensaloqa orqali migratsiyadagi fuqarolar va ularning oila a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qiziriq pedagogika kolleji faollar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning oila a’zolari ishtirok etdi. Uchrashuvda ishlash, o‘qish, davolanish va boshqa maqsadlarda xorijga ketgan fuqarolarning muammolarini aniqlash, og‘ir ahvolga tushib qolganlarga ko‘mak ko‘rsatish, yashash manziliga qaytganlarning bandligini ta’minlash masalalarida suhbat qilindi.
Viloyat rahbari Prezidentimiz topshirig‘i bilan migratsiyadagilarni kafolatlangan ish o‘rni, mehnatiga yarasha ish haqlari, munosib sharoitlar bilan ta’minlash hamda huquqlarining himoya qilinishini tartibga solish maqsadida xorijga ishga yuborish bo‘yicha yangi tizim – “Xorijga ish – mahalladan” tamoyili yo‘lga qo‘yilayotganligini ma’lum qildi.
Bunda hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Nomzodlar xorijdagi ish beruvchilar tanlovlariga jalb qilinadi. Shuningdek, kasbiy malakasi bo‘lmagan, xorijiy tillarni bilmaydigan nomzodlar uchun kasb va tilga o‘qitish hamda professional ta’lim muassasalarida maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Muloqot davomida xorijdagi fuqarolar hamda ularning oila a’zolarining murojaatlari, fikrlari hamda takliflari tinglandi. Mutasaddilarga murojaatlarni hal etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari Bandixon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishdi. Tuman rahbari va tijorat banklari mutasaddilari amalga oshiriladigan loyihalar, ularning texnik va iqtisodiy tomonlari hamda tumanni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyati yuzasidan axborot berishdi. Istiqbolli loyihalarni tanlab olish, bunda asosan doimiy ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga e’tibor qaratgan holda, qisqa muddatlarda ishlarni boshlash topshirildi.
Viloyat rahbari taqdimotlar bilan tanishuvdan so‘ng, Qiziriq tumani “Xalqobod” mahallasida bo‘lib, “Sayxunobod tajribasi” asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, migratsiyadan qaytgan Ziyodullo Shodmonov xonadoniga tashrif buyurildi. Fuqaroga hokim yordamchisi ko‘magida ajratilgan 90 mln so‘mlik kredit paketi evaziga “avtomoyka”, nonvoyxona, savdo do‘koni hamda muzqaymoq kafesi tashkil etilgan.
Fuqaro mahalla raisi va hokim yordamchisining taklifi bilan migratsiyadan qaytganligini, ko‘rsatilgan ko‘mak evaziga yo‘lga qo‘ygan loyihalari orqali nafaqat o‘zi, balki 4 nafar oila a’zolarining ham bandligi ta’minlanganligini ta’kidlab, yaratib berilgan imkoniyat hamda davlatimizning g‘amxo‘rligi uchun minnatdorchilik bildirdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz
1 izoh