Sho‘rchi tumanida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari o‘rganildi

Aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yurtimiz bo‘ylab “Sayxunobod tajribasi” asosida ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun bu boradagi ishlar bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sho‘rchi tumanida bo‘ldi.

Tumanga tashrifning dastlabki manzilida Guliston mahallasida yashovchi Nuriddin Raxmonov xonadonida bo‘lindi. Xorijda ustachilik qilib, ro‘zg‘or tebratib yurgan fuqaro ikki yil oldin yashash manziliga qaytib, tomorqasida issiqxona tashkil etgan va dehqonchilik bilan shug‘ullanishni boshlagan. Hozirda pomidor, bodring va qulupnay yetishtirib, yuqori daromad olayotgan fuqaro viloyat rahbari bilan suhbatda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, Erkin Abdumurodov xonadonida ham tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha qilingan ishlar bilan tanishildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari ushbu mahallada yashovchi, yolg‘iz ayol, “Ayollar daftari”da turuvchi Sevinch Shafoatova xonadonida bo‘lib, o‘zini o‘zi band qilishi uchun berilgan ko‘maklar bilan tanishdi. Fuqaroga tikuvchilik dastgohi hamda o‘g‘lining bandligini ta’minlash uchun motokultivator, qoramol va parranda hamda uy-joy qurib berilgan. Mas’ullarga oila daromadlarini yanada oshirish maqsadida mavjud tomorqasiga issiqxona qurib berish vazifasi topshirildi.

Viloyat rahbari Guliston mahallasiga tashrifi yakunida “Shahobiddin Madina” oilaviy korxonasi tomonidan mebel ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. “Ustoz shogird” an’analari asosida yoshlarga ham hunar o‘rgatish, korxona faoliyatini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tumanga tashrif Kushon mahallasida davom etib, aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish tajribasi bilan tanishildi. Xususan, O‘ktam Xo‘jaqulovning xonadonida chorvachilik, parrandachilik, issiqxonachilik hamda tomorqasida kovrak va qizil piyoz yetishtirish faoliyati ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari fuqaro bilan suhbatda mahallada yashovchi, turmush sharoitlari qiyin bo‘lgan oilalarga ham ushbu tajribani o‘rgatishni so‘radi.

Tashrif yakunida viloyat rahbari tuman markazida maishiy xizmat ko‘rsatish markazi ochilishida ishtirok etib, shu yerning o‘zida nuroniylar hamda foallar bilan suhatlashdi. Murojaatlarga asosan ushbu hududda infratuzilmani yaxshilash, yo‘llarni ta’mirlash, beton ustunlari o‘rnatish hamda ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.