Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarida ijtimoiy soha obyektlari hamda “yettilik” faoliyati o‘rganildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida bo‘lib, To‘lqin va Tallimaron mahallasi aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi “To‘lqin” oilaviy shifokorlik punkti faoliyati bilan tanishdi. Patronaj hamshiralarining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha olib borayotgan ishlari yuzasidan axborotlari tinglandi.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarning oldini olish, profilaktikasini amalga oshirish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi markazi rahbarining viloyatda yuqumli kasalliklar, xususan, “Gepatit A” va “qizamiq” kasalliklarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglandi.

Viloyat rahbari ishlar talab darajasida emasligi, emlash ishlari to‘liq va sifatli tashkil etilmayotganligini tanqid qildi. Mas’ullarga aholi salomatligi, xususan, bolalarning sog‘ligi bilan bog‘liq ishlarga favqulodda holat sifatida qarab, profilaktik tadbirlarini sifatli tashkil etish, kasallikka chalingan bemorlarning davolanishi uchun zarur sharoitlar yaratish vazifasi topshirildi.

Shundan so‘ng, ushbu mahallada amalga oshirilayotgan ishlar, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, tomorqadan samarali foydalanishga o‘rgatish, daromadlarini oshirib, kambag‘allikni qisqartirish borasida “yettilik” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan axboroti bilan tanishilib, tegishli vazifalar belgilab berildi.

Viloyat rahbari hududlarga tashrifini Jarqo‘rg‘on tumani Polvonlar yurti mahallasida davom ettirdi. Dastlab, mahalla “yettiligi” faoliyati yuzasidan axborotlari eshitildi hamda “Ma’naviyat sektori” faoliyati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mahallada tashkil etilgan “Chechalar” folklor etnografik jamoasining chiqishlari bilan tanishildi.

Mahallada istiqomat qiluvchi 70 yoshli kitobxon bobo bilan suhbatda yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish, Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda targ‘ibot guruhlari, nuroniylar bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etish lozimligi ta’kidlandi. Viloyat hokimi mas’ullarga ushbu tajriba asosida ishlarni tashkil etib, boshqa mahallalarda ham joriy etish topshirig‘ini berdi.

Keyingi manzilda viloyatdagi umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha loyiha-smetalari taqdimot qilindi. Zartepa mahallasidagi 47-sonli maktabda o‘tkazilgan taqdimotda viloyat rahbari Prezidentimiz tomonidan maktablarni ta’mirlash uchun yetarli miqdorda mablag‘ ajratilayotganini bildirib, o‘quv xonalarini ta’mirlash vaji bilan ota-onalardan pul yig‘ilishtirish holatlariga mutlaqo chek qo‘yish lozimligini ta’kidladi. 

Shuningdek, mas’ullarga 47-sonli maktab binosini ham ta’mirlash, qo‘shimcha o‘quv binosi, sport zal va mini stadion qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, yangi o‘quv yiliga foydalanishga topshirish vazifasi belgilab berildi.

Taqdimotdan so‘ng, maktabda tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinlari, o‘quvchilarning harbiy-Vatanparvarlik chiqishlari tanishildi. Maktabda yosh Milliy gvardiyachilar xonalari, ularning maxsus formalarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tumanga tashrif yakunida 31-sonli oilaviy poliklinikada patronaj hamshiralarining aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, kasalliklar dinamikasi, ularni davolash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari bo‘yicha axboroti bilan tanishildi. Tibbiy xizmat ko‘rsatish yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi.

Patronaj hamshiralariga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida elektroskuterlar topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.