Prezident topshirig‘i ijrosi: “Bahor” charm sanoatiga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasi qurilishiga start berildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifini Angor tumanidan boshladi. Xabar berilganidek, tumanning Bahor mahallasida Prezidentimizning belgilab bergan topshiriqlariga asosan charm sanoatiga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasi loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bugun ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida “Bahor” charm sanoatiga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasi qurilishiga start berildi. Viloyat rahbari loyihani amalga oshirish, undan kutilayotgan natijalar hamda yaratiladigan ish o‘rinlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Mas’ullarga ishlarni sifatli amalga oshirish, loyihani belgilangan muddatda ishga tushirish vazifasi topshirildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari hududlarga tashrifini Qiziriq tumanida davom ettirdi. Takiya mahallasida “Surxon Goad farm” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan echkichilik fermasi va sutni qayta ishlash kompleksi loyihasi bilan tanishildi. Umumiy qiymati 6 mln dollar bo‘lgan loyiha doirasida Ispaniyadan sut yo‘nalishida boqiladigan zotdor echkilar olib kelinmoqda. Ushbu zotning yana bir afzallik tomoni tez ko‘payishi bo‘lib, mahalliy iqlim sharoitlariga juda moslashuvchan.

Viloyat rahbari shu yerning o‘zida mahallalarda kooperatsiya asosida echkichilikni rivojlantirish loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi. Ispaniyadan ushbu loyiha uchun birinchi bosqichda 2 mingta echki olib kelinayotgan bo‘lib, har bir xonadonga 10 tadan tarqatilib, sut yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada har bir xonadonda ikki kishining bandligini ta’minlanishiga erishiladi.

Loyihalar yuzasidan tadbirkorga tegishli tavsiyalar berildi hamda mas’ullarga tashabbuskor bilan birgalikda ishlab, mavjud muammolarini hal etishda ko‘mak ko‘rsatish vazifasi yuklandi.

Keyingi manzil “Qiziriq Farovon” MChJ tomonidan qurilayotgan bozor loyihasi bo‘ldi. Viloyat rahbari bozor loyihasini amalga oshirishda 10-15 yildan keyin aholining ko‘payishini inobatga olish lozimligini qayd etdi. Ishlarni loyiha asosida sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tumanga tashrif yakunida Yangihayot mahallasidagi bo‘sh binoda xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tikuvchilik va to‘quvchilik markazi, mebelsozlik, deraza romlari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishildi. Mahalla “yettiligi”ning faoliyati hamda kelgusidagi rejalari yuzasidan axboroti tinglandi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilishlari uchun ishsiz fuqarolarning 42 nafariga tikuvchilik dastgohi, motokultivator, pishiriq pechlari hamda kompyuter jamlanmalari topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.