Qumqo‘rg‘onda madaniy meros obyektlari hamda aholi bandligini ta’minlash tadbirlari bilan tanishildi
Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq turizm sohasi va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, tarixiy obidalar, xususan, Qo‘rg‘oncha arxeologiya yodgorligi, “Xo‘ja Mirsaid ota” jome masjidi hamda xalq tilida Iskandarko‘prik nomi bilan ataluvchi G‘ishtko‘prik arxitektura yodgorligi bilan tanishildi. Tarixchi olimlar ushbu yodgorliklar yaratilishi, nechinchi asrlarga oidligi, jumladan, G‘ishtko‘prik yodgorligi XVI asrda Abdulloxon davrida qurilgani, u o‘z davrida "Buyuk Ipak yo‘li"da savdo-sotiq aloqalarini bog‘lashda muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi haqida ma’lumotlar berishdi.
Yodgorliklarni asrash, ularning asl holatini saqlash, tadqiq qilgan holda tarixini o‘rganib, yosh avlodga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari Jiydali mahallasida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari bilan tanishdi. Aholi xonadonlari, jumladan, Boymurod va Yusuf Xolmo‘minovlarning yashash uylarida tashkil etilgan sutni qayta ishlash sexi loyihalari bilan tanishildi.
Shuningdek, ushbu mahallada yashovchi ishsiz, kam daromadli oila hisoblangan Zubayda Pardayevaga o‘zini o‘zi band qilish, oilaviy daromadlarini oshirish va ijtimoiy holatini yaxshilash maqsadida subsidiya asosida berilgan qandolatchilik uskunalaridan foydalanish hamda imtiyozli kredit paketi hisobiga olingan parranda va qoramollarni parvarishlar faoliyati bilan tanishildi.
Keyingi manzilda, Bog‘aro mahallasida xotin-qizlar faoli tomonidan ayollar bandligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishildi. Prezidentimizning «Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga yo‘lga qo‘yilgan gulchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik va kasanachilik loyihalari ko‘zdan kechirildi.
Ishlar namunali tashkil etilganligi qayd etilib, ajratilayotgan imtiyozli kreditlar, davlat tomonidan berilayotgan subsidiyalardan maqsadli foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlash ustuvor vazifa ekanligi qayd etildi.
Tumanga tashrif yakunida Yangi shahar mahallasida joylashgan “Joziba mebel” xususiy korxonasining mebel ishlab chiqarish faoliyati ko‘zdan kechirildi. Materiallarga ishlov berishdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan ishlarni amalga oshirilayotgan korxona faoliyati e’tirof etildi. Bu kabi loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ish o‘rinlari yaratish muhimligi ta’kidlanib, mas’ullarga qator vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz