Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanlarida ijtimoiy sohadagi ishlar o‘rganildi
Bugun viloyat hokimining haftalik ish rejasida yoshlar siyosati va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, belgilangan topshiriqlar ijrosi hamda tizim tashkilotlari faoliyati bilan tanishish belgilangan.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanlarida bo‘ldi. Dastlab, Termiz tumani hududida tashkil etilgan, 1 000 o‘rinli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Viloyat rahbari hudud atrofida infratuzilmani yaxshilash hamda kommunal tarmoqlarning uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari tashrifini Jarqo‘rg‘on tumanida davom ettirib, sportning ommaviyligini ta’minlash, yoshlarni sportga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida tuman Sport maktabida bo‘ldi. Yosh sportchilar bilan suhbat qilinib, murabbiylarga sport bilan shug‘ullanuvchilarni ko‘paytirish, seleksiya ishlarini jadallashtirib, chempionlarni yetishtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, mas’ullarga sport maktabidagi sharoitlarni yaxshilash, xususan, futbol maydonini tekislab, zamon talablariga javob beradigan holatga keltirish topshirildi.
Keyingi manzilda Mehnat rohat mahallasida 200 dan ortiq yoshlarni dzyudo sport turi bilan shug‘ullantirib kelayotgan O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining viloyat bo‘limiga qarashli dzyudo seksiyasi faoliyati bilan tanishildi. Xususiy to‘garak bo‘lgan sport seksiyasida yosh sportchilarni tayyorlash, chempionlarni yetishtirish borasida yaxshi ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi.
Shuningdek, ushbu mahallada sahovatpesha tadbirkor o‘z mablag‘lari evaziga qurgan mahalla idorasi, tikuvchilik sexi va boshqa maishiy xizmat nuqtalarini o‘z ichiga olgan guzar foydalanishga topshirildi. Viloyat rahbari tadbirkorga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Shundan so‘ng, tumanning Qoraqursoq mahallasi bo‘ylab, mavjud sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Infratuzilmani rivojlantirish, yo‘llarni ta’mirlash, obodonlashtirish va chiqindilarni olib chiqish, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash ishlarini qisqa muddatda boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va aloqador mas’ullarning vohamizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishildi. Xususan, profilaktik hisobda turgan, probatsiya nazoratiga olingan, “Og‘ir toifadagi” yoshlar bilan manzilli ishlash, Yoshlar bandligi dasturi, Besh tashabbus olimpiadasi hamda iste’dodli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni intellektual jihatdan salohiyatlarini rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan axborot berildi.
Belgilab berilgan topshiriqlarga qaramay ayrim hollarda bu boradagi ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilmayotganligi qayd etildi. Yoshlar bilan manzilli ishlash faoliyat sohasidan qat’iy nazar barcha rahbarlarning asosiy vazifasi ekanligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari Xo‘jaqishloq mahallasidagi 26-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotidagi sharoitlar bilan tanishdi. Bog‘cha ta’mirtalab holatdaligi, zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha yetarli chora-tadbirlar ko‘rilmaganligi tanqid qilindi. Tuman rahbarlariga bog‘chani ta’mirlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish topshirig‘i berildi. Viloyat mahalliy budjetidan qurilish materiallarini xarid qilish va qisqa muddatda ta’mirlash ishlarini boshlash lozimligi belgilandi.
Tashrif yakunida Qorayontoq mahallasida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi hamda avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlar ijrosi o‘rganildi. Mas’ullarga qurilish normalariga qat’iy rioya etgan holda ishlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish vazifasi topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz