Sariosiyoda korxonalar faoliyati, loyihalar taqdimoti bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumanida amalga oshirilayotgan loyihalar, yangi tashabbuslar taqdimotlari, yaratilayotgan ish o‘rinlari, korxonalar faoliyati hamda aholini tadbirkorlikka jalb qilish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Tashrif avvalida “Surayyo oltin meva bog‘lari” fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishildi. Umumiy maydoni 2,9 gektar bo‘lgan issiqxonada pomidor, tarvuz, bodring, limon va qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat rahbari issiqxonani isitish tizimida energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanilgan va hududdagi ko‘plab ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlangan loyihani ommalashtirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng, Sebzor mahallasida “Sayxunobod” tajribasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, mavjud imkoniyatlarni ishga solgan holda tashkil etilgan baliqchilik loyihalari ko‘zdan kechirildi. Baliqchilikni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar mavjudligini inobatga olib, iqtisodiy kompleks mas’ullariga hududda 40 ta baliqchilik loyihasini yo‘lga qo‘yib, aholi bandligini ta’minlash topshirildi. Shuningdek, mahalladagi xonadonlarda chorvachilik, asalarichilik, parrandachilik hamda tomorqadan samarali foydalanish holati ko‘zdan kechirildi.
Viloyat rahbari keyingi manzillarda “Habib Ermaniy” fermer xo‘jaligining sutni qayta ishlash korxonasi, “Odil-Xol” xususiy korxonasining mebel mahsulotlari ishlab chiqarish sexi faoliyati bilan tanishdi. Tadbirkorlar bilan suhbat qilinib, loyihalarni kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish yuzasidan tavsiyalar berildi. Viloyat rahbari buning uchun zarur ko‘maklarni ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, "To‘polon" suv tozalash inshooti faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.
Keyingi manzilda Tojikiston davlati bilan chegara hududda erkin iqtisodiy zona tashkil etish uchun tanlab olingan maydon ko‘zdan kechirildi hamda mutasaddilarga loyiha taqdimotlarini ishlab chiqishda inobatga olinishi lozim bo‘lgan jihatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Tashrif yakunida tumandagi bo‘sh binolardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishilib, ob’ektlarni auksion savdolariga chiqarish, samaradorligi yuqori bo‘lgan, doimiy ish o‘rinlari yaratiladigan loyihalarni amalga oshirish lozimligi qayd etildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz